O‘n uch yoshida maktab pro‘g‘rammasini bitirib, yosh bo‘lsa ham xalfalik, ya’ni domlag‘a ko‘makchilik qila boshladi. Va har kun bolalar ozod bo‘lg‘andan keyin maxdum unga kofiyadan87 dars berar va “Gulistoni” Sa’diydan bir necha band o‘qutib, ma’nosi bilan yodlatar edi.
O‘n besh yoshida maktabni yolg‘iz o‘zi idora qilish darajasiga yetkanidek, yaxshig‘ina forsiyxon va bir daraja arab tiliga oshno bo‘ldi. Maxdum mundan bir necha vaqt ilgarilar Anvarni madrasaga uzatish to‘g‘risida so‘zlanib yursa ham, hozir bu gapni og‘zig‘a olmay qo‘ydi. Chunki maktab ishida yalqovlanib Anvarga suyanib qoldi va madrasa masalasini unutdirish maqsadida, arab, fors nahv sarfidan88 o‘zi dars berishka kirishdi.
Maxdum Anvarga shu jihat bilan inoq edi. Ammo Mohlar oyimning Anvar bilan muomalasi xolis va samimiy bo‘lib, ul Anvarga o‘z bolasidek mehribon va har vaqt: “Ko‘nglingni buzma, Anvar yigit; ko‘rasanmi shu jajji qizni? Albatta senga berdiraman!” der edi. Lekin Mohlar oyim va’dasiga yetalmadi. Maxdumdan arazlab Marg‘ilon ketishka majbur bo‘ldi. Biroq, ketar chog‘ida ham Anvarni unutmadi. Nigor kelinni o‘z yonig‘a chaqirib: “Kuyavlik uchun Anvardan yaxshiroq yigitni topolmassiz, Ra’noga xudoyim umr berib, bo‘yi yetsa, albatta Anvarga berdirgin” – dedi.
14. CHIN O‘RTOQ
Anvar yoshlig‘ida bo‘shangg‘ina bir bola edi. O‘z tenggi bolalar bilan oz aloqa qilar, ularga kam aralashar va ortiqcha o‘ynab-kulmas, hamisha uning ko‘zida bir mung yotar edi. Bu holat balki oila baxtsizligidan, ota-ona bag‘rida yayramag‘anliqdan tug‘ilg‘andir, desak, uning ikki og‘asi munday emas edilar. Bir onadan necha xil bola tug‘iladir, deganlaridek, Anvarning yaratilishi og‘alarig‘a nusbatan boshqacha edi. Maxdumning uyida tura boshlag‘ach, Anvarda biroz o‘zgarish ko‘rildi. Shunda ham bolalar bilan aloqasini eskicha yurutib, faqat Ra’no yonidag‘ina o‘yin-kulki bolasig‘a alishinar, Ra’noni yetaklab boqchag‘a, ko‘cha-dagi katta suv bo‘ylarig‘a chiqib hamrohini boqchadag‘i gullarning ismi, uchib yurg‘an qushlarning nav’i, katta oqar suvlar va ayniqsa Ra’no kabi yosh qizchalar uchun bu suvlarga yig‘ilish xavfi va shuningdek, boshqa masalalar bilan uni tanishdirar, ko‘chada o‘lik ko‘targanlarni ko‘rsa, birarta bolaning otasi yoki onasi o‘lganligini so‘zlab, buning orqasidan: “Menim ham onam o‘lganda o‘shanboq qilib ko‘targan edilar… Men ham shu boladek mozorg‘a yig‘lab borg‘an edim”, deb qo‘yar edi. Ra’no ham Anvarning so‘ziga diqqat bilan quloq solar va ko‘pincha hisobsiz savollar ila uni ko‘mib tashlar, lekin Anvar zerikmas, har bir so‘roqqa javob berib, Ra’noni qanoatlandirishg‘a tirishar edi.
Anvar yosh bo‘lsa ham jiddiy va kichkina miyasi muhokamaga qobil, boshqa kishilar ustiga tushkan baxtsizlikdan ham mutaassur bo‘lg‘uchi edi.
Bola chog‘idanoq eng yaxshi ko‘rgan narsasi gulzor va undagi gullar edi. Maxdumning oilasiga kelib tura boshlag‘andan so‘ng boqchaning gulzor qismini o‘z idorasi ostig‘a oldi. Gullarni sug‘orish, o‘tlarni yulib, tozalash vazifalarini o‘zi bajardi. Gullardan hech kimga uzdirmas, bir bolaning uzib olg‘anini ko‘rsa, o‘zi xafa bo‘lg‘anidek, bolani ham xafa qilar edi. Bolalarning daragi bilan har kimning uyida bo‘lg‘an yangi gullardan ko‘chat va urug‘ olib, yildan yilga gulzorni boyitdi. Yoz kunlari kelsa, bolalarni kapalak va oltin qo‘ng‘uz tutib kelishka buyurar; qiynamay, ozor bermay zahasiz kapalak tutib kelganlarga sabog‘ini o‘qutib qo‘yish bilan mukofot berar, kapalak va oltin qo‘ng‘uzlarni gulzorda uchurib yuborar, agar ular gullarga qo‘nib qolsalar, o‘zida yo‘q so‘yunar edi. Shuning uchun aksar yoz kunlari maxdumning boqchasi oq, nimrang, ola, zangor, malla, lojuvard va boshqa tus kapalaklarning yal-yult uchishlari bilan alohida bir ko‘rinishka kirar, Anvarning o‘qushdan bo‘shag‘an kezlari gullar ichida va shu kapalaklar orasida kechar edi.
Anvar har kim uchun ham so‘yimlik va xushmuomalasi barchaga barobar edi. Ammo ayniqsa xush ko‘rgan kishilaridan birinchisi Ra’no va ikkinchisi maktabdagi shogirdlardan saboqdosh sherigi Nasim ismlik bola edi. Nasim bilan Anvar juda yaqin do‘st, bir-birini onglag‘uchi sirdosh o‘rtoq edilar. Garchi Nasimning otasi Qo‘qonningg‘ina emas, butun xonliqning tanilg‘an kishilaridan va bu ikki bolaning sinfiy ayirmaliqlari yer bilan ko‘kcha, lekin yosh do‘stlar buning farqig‘a yetmaslar, Nasim “xonning mirzaboshisining o‘g‘liman”, deb havolanmag‘anidek, Anvar ham “Salim bo‘yoqchining yatimi, Solih maxdumning asrandisiman”, deb andisha qilmas edi. Bu ikki bola bir joyda suhbatka kirishsalar, chetdagi bir kishi Anvarni yirtiq bo‘z kiyimlar ichida va Nasimni shohi-adraslar bilan g‘arq holda ko‘rib, albatta “bu gadoybachcha bilan bekbachchaning o‘zaro nima munosabatlari bor?” deb taajjublanar, lekin do‘stlar hali buning ayirmasini idrok qilmaslar edi.
Aksar jum’a kunlari maxdumdan izn olib, Anvar shu o‘rtog‘ining uyiga borar, kechkacha Nasim bilan “suhbatlashib” qaytib kelar edi. Anvar shu munosabat bilan Nasimning otasi Muhammad Rajab poygachining iltifotiga noil ham bo‘ldi. Nasim o‘rtog‘i Anvarning yatimlig‘ini otasig‘a bildirib, majbur qilg‘an bo‘lsa kerak, bir necha hayit mavsumlarida Muhammad Rajabbek Anvarga kiyimlar ham berdi. Bu iltifot ikki do‘stning aloqalarini bir-birlariga yana qattig‘roq bog‘ladi, ayniqsa, maxdumning dimog‘ini chog‘ qildi. Zero, Anvarning, Muhammad Rajab kabi bir kishining o‘g‘li bilan do‘stlashishi bir kamolat bo‘lg‘anidek, do‘stliqning hatto sarpolar kiyishkacha borib yetishi maxdumning nazarida yana ayni fazilat edi… Shu sarpo kiyish voqi’asidan so‘ng maxdum Anvarga boshqacha qarab qoldi va ichidan “sen odam bo‘ladirg‘an ko‘rinasan”, deb qo‘ydi.
Baxtka qarshi, bu do‘stliq aloqasi izoq davom etalmadi. Bir kun oradag‘i do‘stliq rishtasini o‘lim yag‘mogari kelib uzdi. Nasim o‘n besh yoshlar chamasida chechak kasali bilan og‘ridi va o‘sha kezlarda davosiz hisoblang‘an bu kasaldan o‘nglalmay vafot qildi. Muhammad Rajabbek va oilasi uchun bu musibat, albatta, og‘ir edi. Biroq, ulardan ham Anvar uchun og‘ir bir hasrat bo‘ldi. Hatto, ko‘z yoshini marhumning ota-onasidan ham ko‘broq Anvar to‘kdi desak, mubolag‘a qilmag‘an bo‘lurmiz. Uch kun maktab va maxdumni unutib, Muhammad Rajabbek havlisida turib qoldi. Har oqshom Nasimning qabri ustida bir soatlab yig‘lab o‘lturdi. Bu yoshning samimiy chin do‘stlig‘i va o‘rtog‘ig‘a sadoqati har kimni taajjubka qo‘ydi.
Anvarning birinchi martaba marhum do‘stiga atab yozg‘an marsiyasi motamlik ota-onani yana bo‘zlatqan edikim, biz marsiyadan bir necha misra’ini quyida ko‘rsatamiz:
Ochilmay so‘lsa har gul g‘unchasi pir-u juvon89 yig‘lar,
Emas pir-u, juvon, balki hamma ahli jahon yig‘lar.
Ajal yag‘mogari bog‘i zako90 ichra uzib zanjir,
Rahmsiz ezsa ma’sum lolalarni, chun xazon yig‘lar.
Nasimim ketdi olamdin meni g‘ayg‘u aro tashlab,
Ko‘zimdin oqsa xun hech bir ajab yo‘q, chunki qon yig‘lar.
Jahonda erdi tanho men yatimga hamnishin, dildor,
G‘ariblikning diyorida adashkan notavon yig‘lar…
Mulla Muhammad Rajabbek poygachi o‘g‘lining sodiq do‘stiga shu kundan e’tiboran boshqacha СКАЧАТЬ
87
88
89
90