Название: Капитан Грант болалари
Автор: Жюль Верн
Издательство: Asaxiy books
isbn: 978-9943-8002-4-3
isbn:
Yo‘lga chiqish masalasi hal bo‘lgandan keyin bir soatni ham bekor o‘tkazmaslik kerak edi. O‘sha kuniyoq Glenarvan Jon Manglsga «Dunkan»ni Glazgoga keltirish va unda janubiy dengizlarda suzish uchun barcha tayyorgarliklarni ko‘rish to‘g‘risida buyruq berdi; bu ekspeditsiya butun dunyo sayohatiga ham aylanib ketishi mumkin edi. Shuni ham aytish kerakki, «Dunkan»da sayohatga chiqishni taklif qilar ekan, Elen kemaning layoqatiga baho berishda yanglishmagan edi. Bu juda pishiq va tezyurar kema uzoq dengiz sayohatlariga bemalol chidash bera olardi.
«Dunkan» ikki yuz o‘n tonna hajmdagi, bug‘ kuchi bilan yuradigan ajoyib kema edi, vaholanki, Amerika qirg‘oqlariga yetib borgan dastlabki kemalar – Kolumb, Vespuchchi va Magellanning kemalari bunga nisbatan ancha kichik hajmda edi20.
«Dunkan»ning ikkita machtasi: marsel21 va bram-stengali fok-machta22, kontr-bizan va flagshtokli grotmachtasi bor edi; bulardan tashqari kemada uchburchakli yelkan – fok-staksel, katta va kichik kliverlar, shuningdek shtangaga23 o‘rnashtirilgan yelkanlar ham bor edi. Xullas, «Dunkan» oddiy kliperdan24 sira qolishmasdan suza olish darajadagi yelkanga ega edi.
Lekin, albatta, kemaning mexanik kuchi – par mashinalariga hammasidan ko‘proq tayanish mumkin edi. Eng yangi sistema asosida ishlanib, peregrevatellar bilan jihozlangan, bir yuz oltmish ot quvvatiga ega bo‘lgan bu mashinalar ikki qavat vintni harakatga keltirar edi. Barcha yelkanlarini ochib yurganda «Dunkan» o‘sha vaqtga qadar sira ko‘rilmagan tezlikda suza olardi. Sirasini aytganda, Klayd qo‘ltig‘ida sinovdan o‘tayotgan paytda «Dunkan»dagi patent-lag25 kemaning tezligi soatiga o‘n yetti dengiz miliga26 yetganini ko‘rsatdi.
«Dunkan» hatto dunyo sayohatiga ham bemalol chiqa olardi, albatta.
Jon Mangls kemani ichki tomondan jihozlasa bo‘lgani edi. U eng oldin ko‘proq ko‘mir g‘amlab olish uchun ko‘mirxonalarni kengaytirdi, chunki yo‘lda kemaga ko‘mir topish oson emas edi. Kema kambuzi27 zaxiralarini to‘ldirishga ham u alohida e’tibor berdi. U ikki yilga yetadigan oziq-ovqat g‘amlab oldi. To‘g‘ri u pulga muhtojlik sezmasdi; uning qo‘lidagi puli hatto durustgina bir to‘p sotib olib, kemaning tumshuq tomoniga o‘rnatishga ham yetdi. Yo‘lda nimalar yuz berishini kim biladi deysiz!
Shuni ham aytish lozimki, Jon Mangls o‘z ishiga mohir dengizchi edi, hozirda u faqat yaxtaga qo‘mondonlik qilayotgan bo‘lsa ham, lekin Glazgoda eng yaxshi shkiperlardan28 hisoblanardi. U o‘ttizga kirgan edi. Uning biroz xunuk yuzidan mard va olijanob yigit ekani ko‘rinib turardi. Uni yosh bolaligida Malkolm-Kestlga keltirgan edilar. Glenarvanlar oilasi uni o‘qitib tarbiyaladi va ajoyib dengizchi qilib yetishtirdi. U bir necha marta uzoq dengiz sayohatlariga chiqqan, o‘shanda o‘zining butun dengizchilik san’atini, g‘ayrati va sovuqqonligini ko‘rsatgan edi. Glenarvan «Dunkan»ga qo‘mondonlik qilishni taklif qilganda, u bajonidil rozi bo‘ldi, chunki Malkolm- Kestlning xo‘jayinini o‘z akasidek yaxshi ko‘rar, unga o‘zining sodiq ekanini ko‘rsatishga doim tayyor edi.
Jon Manglsning yordamchisi Tom Ostin bahazur ishonish mumkin bo‘lgan eski dengizchi edi. Kapitan bilan uning yordamchisini ham qo‘shib hisoblaganda «Dunkan»ning komandasi yigirma besh kishidan iborat edi. Ularning hammasi Dumbarton grafligidan bo‘lib, tajribali va saralangan dengizchilar edi. Ular kemada ham mard shotlandlar klani29 tashkil qilgandek edilar. Ular orasida hatto traditsion piperbag30 ham bor edi. Shunday qilib, kema komandasi Glenarvanga sodiq, o‘z ishiga juda berilgan, tajribali, qurol tutishni bilgan eng qaltis ekspeditsiyalarda ham ish bera oladigan, mard dengizchilardan iborat edi. «Dunkan» komandasi kemaning qanday safarga chiqishidan darak topganda dengizchilar o‘z quvonchlarini hech qayerga sig‘dirolmay, qattiq aytilgan «ura» sadolari bilan Dumbarton qoyalarini larzaga keltirdilar.
«Dunkan»ga ko‘mir va oziq-ovqat ortish ishiga g‘ayrat bilan kirishgan Jon Mangls Eduard va Elen Glenarvanlarning kayutalarini uzoq safarga tayyorlashni ham unutmadi. Shuningdek, u kapitan Grantning bolalari uchun ham kayutalar hozirlab qo‘yishi lozim edi – axir, Elen Merining bu ekspeditsiyada ishtirok etish to‘g‘risidagi iltimosini rad qilolmas edida. Kichkina Robert esa qirg‘oqda qolgandan ko‘ra tryumga yashirinib olishni afzal ko‘rgan bo‘lardi. Shunday yigitchani tashlab ketib bo‘larmidi! Bunga urinishmadi ham. Shuningdek, Robertning yo‘lovchi qilib emas, balki kema komandasi sostaviga a’zo qilib olish to‘g‘risidagi talabiga ham rozi bo‘lishga to‘g‘ri keldi. Unga dengizchilik ishlarini o‘rgatish Jon Manglsga topshirildi.
‒ Yashasin! – dedi Robert. – Agar men biror ishni o‘rniga keltirib qilolmasam, kapitan meni ayamay qamchin31 bilan savalasin.
‒ Unisidan xotirjam bo‘l, o‘g‘lim, – dedi Glenarvan jiddiy tusda, ammo u «Dunkan»da qamchin bilan jazolash taqiqlangani to‘g‘risida hech narsa, demadi.
«Dunkan»dagi yo‘lovchilar ro‘yxatini tugallash uchun mayor Mak-Nabbsni ham eslatib o‘tish lozim. U elliklarga kirgan, chiroyli va xotirjam yuzli, ajoyib tabiatli, kamtarin, indamas, beozor va soddadil kishi edi. Mak-Nabbsni qayerga boshlasangiz ketaverar, hech vaqt birov bilan tortishib o‘tirmas, hech kim bilan aytishmas, aslo achchig‘lanmas edi. U xarob etilgan transheyalarga ham o‘z yotoqxonasiga chiqayotgandek bamaylixotir ko‘tarilar, uni hech narsa, hatto bomba ham hayajonga keltirolmas va yo‘lidan qaytarolmas edi; u butun umrida bir marta ham achchig‘lanmay o‘lib ketsa kerak. Mak-Nabbs faqat jismoniy jihatdan baquvvat bo‘lgan kishilarga xos jangovar jasoratga, jismoniy quvvatgagina emas, balki bundan ham qimmatliroq bo‘lgan fazilatga, ya’ni bukilmas ma’naviy quvvatga ham ega edi. Uning birdan-bir kamchiligi butun borligi bilan shotlandiyalik bo‘lishi, shotlandiyalik ham emas Kaledoniyaning chin farzandi bo‘lishi, o‘z vatanining qadimiy urf-odatlariga qattiq amal qilishi edi. Shuning uchun u hech vaqt Angliyaga xizmat qilishni istamadi, o‘zining mayorlik unvonini esa komanda sostavi nuqul shotlandiyalik dvoryanlardan iborat bo‘lgan 42-gvardiyachi tog‘ polkida oldi. Mak-Nabbs Glenarvanning yaqin qarindoshi bo‘lgani uchun Malkolm-Kestlda yashardi, mayor bo‘lgani tufayli esa «Dunkan»da safarga chiqishni tabiiy deb topdi.
Kutilmagan sabablarga ko‘ra zamonamizning eng ajoyib sayohatlaridan biriga otlanayotgan kemaning yo‘lovchilari ana shunday kishilar edi.
«Dunkan» Glazgodagi paroxod pristanida paydo bo‘lgan paytdan boshlab hammaning diqqatini o‘ziga tortdi. Har kuni odamlar to‘p-to‘p bo‘lib uni tomosha qilishar edi: hamma «Dunkan» to‘g‘risida gapirar, unga qiziqar edi. Bu esa ko‘p kapitanlarga xush kelmas, shu jumladan, pristanda «Dunkan» bilan yonma-yon turgan va Kalkutta safariga tayyorlanayotgan «Shotlandiya» nomli ko‘rkam paroxodning kapitani Bertonga ham yoqmas edi. Haqiqatan ham bu kattakon paroxodning kapitani o‘zining kichkina qo‘shnisi «Dunkan»ni nazar-pisand qilmaslikka haqli edi. Shunga qaramay, xalqning kundan-kun oshib borayotgan nazar-e’tibori Glenarvanning kemasiga qaratilmoqda edi.
«Dunkan»ning jo‘nab ketish payti yaqinlashib kela boshladi. Jon Mangls mohir va g‘ayratli kapitan ekanini ko‘rsatdi. Kema Klayd qo‘ltig‘ida sinovdan o‘tgan kundan bir oy keyin ko‘mir, oziq-ovqat bilan ta’minlanib, uzoq safarga zarur bo‘lgan barcha asbob-uskuna bilan jihozlangach, «Dunkan» dengizga chiqishga tayyor edi. 25-avgustda jo‘nab ketadigan bo‘ldilar. СКАЧАТЬ
20
Xristofor Kolumb Amerikaga to‘rtinchi marta sayohat qilganda to‘rt kemada borgan edi. Bu kemalardan eng kattasi – Kolumbning o‘zi tushgan karavella yetmish tonna hajmli, eng kichigi esa ellik tonna hajmdagi kema edi. Ular faqat qirg‘oq bo‘ylab suzishga yaraydigan kemalar edi, xolos (Muallif izohi).
21
Marsel – machtadagi pastdan ikkinchi yelkan.
22
Bram-stenga – stenga (machtaning yuqori qismi; u machtaning pastki asosiga ulangan bo‘ladi)ning davomi. Fok-machta – kemaning oldingi machtasi.
23
Shtanga – uzun metall sterjen.
24
Kliper – uch machtali, tez yurar yelkanli kema.
25
Patent-lag – strelka yordamida kemaning harakat tezligini ko‘rsatadigan siferblatli asbob.
26
Dengiz mili 1852 metrga baravar.
27
Kambuz – oshxona.
28
Shkiper – savdo kemasining kapitani; dengiz kemasida: xo‘jalik boshlig‘i.
29
Klan – oila, urug‘.
30
Piper-bag – polk surnaychilari (Muallif izohi).
31
Ingliz flotida matroslarni jazolash uchun ko‘pincha qamchin ishlatilar edi (Muallif izohi).