Капитан Грант болалари. Жюль Верн
Чтение книги онлайн.

Читать онлайн книгу Капитан Грант болалари - Жюль Верн страница 4

Название: Капитан Грант болалари

Автор: Жюль Верн

Издательство: Asaxiy books

Жанр:

Серия:

isbn: 978-9943-8002-4-3

isbn:

СКАЧАТЬ bo‘lgan narsalarni va nihoyat, uchinchidan, bizga ma’lum bo‘lmagan narsalarni muhokama qilishimiz kerak. Xo‘sh, bizga nima ma’lum? 1862-yil 7-iyunda Glazgo portidan chiqqan uch machtali «Britaniya» kemasining halokatga uchragani, so‘ngra, ikki matros bilan kapitan 37°11’ kenglikda mana shu hujjatni dengizga tashlashgani va yordam so‘rashayotgani bizga ma’lum.

      ‒ Juda to‘g‘ri, – deb qo‘shilishdi unga mayor.

      ‒ Endi biz nimalarni taxmin qilishimiz mumkin? – deb davom qildi so‘zida Glenarvan. – Dastlab biz falokat janubiy yarim sharda yuz bergan deb taxmin qilishimiz mumkin. Men sizlarning diqqatingizni allaqanday bir so‘zning gonie degan bo‘lagiga jalb qilaman. Bu biror mamlakatning oti emasmikin?

      ‒ Patagoniya bo‘lmasin yana? – deb so‘radi Elen.

      ‒ Shubhasiz.

      ‒ O‘ttiz yettinchi kenglik Patagoniyadan o‘tadimi? – deb so‘radi mayor.

      ‒ Buni tekshirib ko‘rish oson, – dedi Jon Mangls Janubiy Amerikaning xaritasini ocha turib. – Xuddi shunday: o‘ttiz yettinchi parallel Araukaniyani kesib o‘tadi, Patagoniyaning shimolidagi qirlar orqali Atlantik okeaniga chiqib ketadi.

      ‒ Juda soz! Endi taxminlarimizni davom ettiramiz, ikki matros bilan kapitan abor… yetib oldilar… qayerga? Contin… qit’aga. Diqqatingizni shunga jalb qilaman. Ular orolga emas, qit’aga yetib olganlar. Xo‘sh, ularning taqdiri nima bo‘ldi? Baxtimizga ikki harf, ya’ni pr harflari bor, bu harflar ularning qayerdaligini ko‘rsatib turibdi. Bechoralar! Ular prisonniers, ya’ni asirlikdadirlar. Kimning qo‘lida? Gruels indiyens – shafqatsiz hindlar qo‘lida. Ishonarlimi? Uzuq-yuluq so‘zlarning ma’nosi o‘z-o‘zidan oydinlashmayaptimi? Hujjatning ma’nosi ko‘z oldimizda tobora ochilmayaptimi?

      Glenarvan shunday ishonch bilan so‘zlar, ko‘zlarida shunday ishonch porlar ediki, uning bu ishonchi o‘z-o‘zidan boshqalarga ham o‘tdi, shuning uchun ular baravariga:

      ‒ Albatta! Albatta shunday! – deb uning so‘zini tasdiqladilar.

      Biroz jim turgach, Glenarvan yana so‘zini davom ettirdi:

      ‒ Do‘stlarim, mening nazarimda bu farazlarimizning hammasi ham to‘g‘riga o‘xshab ko‘rinyapti. Menimcha, kema Patagoniya qirg‘oqlariga yaqin yerda halokatga uchragan. Har qalay Glazgoga yetganimizda men «Britaniya»ning qayoqqa jo‘nab ketganini surishtirib ko‘raman. Ana o‘shanda biz uning Patagoniya tomonlarga borgan bo‘lishi mumkinmi, yo yo‘qligini aniq bilib olamiz.

      ‒ Yo‘q, Glazgoga borib o‘tirishning hojati yo‘q, – dedi Jon Mangls, – menda «Savdo floti gazeta»sining komplekti bor, biz undan eng aniq ma’lumotlarni bilib olishimiz mumkin.

      ‒ Ko‘ra qolaylik bo‘lmasa! – deb yubordi Elen Glenarvan.

      Jon Mangls gazetaning 1862-yilgi komplektini varaqlab, tez ko‘zdan kechira boshladi. U ko‘p qidirmadi. Ko‘p o‘tmay mamnuniyat bilan quyidagi xabarni o‘qib berdi:

      ‒ «1862-yil 30-may. Peru. Kalyao. Jo‘nab ketgan joyi Glazgo. «Britaniya», kapitan Grant».

      ‒ Grant! – dedi Glenarvan. Ulug‘ okeanning allaqayerida yangi Shotlandiya barpo etmoqchi bo‘lib yurgan shotlandiyalik dovyurak kapitan emasmi?

      ‒ Ha, – dedi Jon Mangls, – xuddi o‘sha Grant. U 1861-yilda «Britaniya» kemasida Glazgodan jo‘nab ketgan edi, o‘shandan beri dom-darak yo‘q.

      ‒ Endi hech qanday shubhaga o‘rin yo‘q, hech qanday shubhaga! – dedi Glenarvan. – Masala ravshan! «Britaniya» Kalyaodan 30-mayda yo‘lga chiqqan, bir haftadan keyin, 7-iyunda Patagoniya sohillariga yaqin yerda halokatga uchragan. Mana, biz bunday qaraganda hech narsa tushunib bo‘lmaydigan uzuq-yuluq so‘zlardan bu falokatning butun tarixini bilib oldik. Do‘stlarim, shunday deb taxmin qilishga imkoniyat bor edi. Endi bizga falokat qaysi uzunlikda yuz bergani noma’lum, xolos.

      ‒ Uning bizga keragi ham yo‘q, – dedi Jon Mangls, – falokat yuz bergan kenglik bilan mamlakatning nomi ma’lum bo‘lgandan keyin men u joyni shunday ham topib beraman.

      ‒ Demak, bizga hamma narsa ma’lum, shundaymi? – deb so‘radi Elen.

      ‒ Shunday, azizim, endi men hujjatning suv yuvib ketgan joylarining xuddi kapitan Grant og‘zidan eshitib turgandek ishonch bilan aytib bera olaman.

      Shundan so‘ng Glenarvan yana qo‘liga qalam oldi va ishonch bilan quyidagilarni yozdi:

      «1862-yil 7-iyunda Glazgo portidan chiqqan uch machtali «Britaniya» kemasi janubiy yarim sharda, Patagoniya sohillari yaqinida halokatga uchradi. Ikki matros bilan kapitan Grant sohilga chiqib olishga harakat qildilar, u yerda shafqatsiz hindularga asir tushadilar. Ular bu hujjatni… gradus uzunlik va 37º11’ kenglikda dengizga tashladilar. Yordam qilinglar, yo‘qsa ular halok bo‘ladilar».

      ‒ Juda soz! Juda yaxshi, azizim Eduard! – dedi Elen. – Agar vaqti kelib, bu bechoralar o‘z vatanlariga qaytsalar, hayotlarini qutqarganingiz uchun sizdan minnatdor bo‘ladilar!

      ‒ Ular o‘z vatanlarini ko‘radilar! – deb javob berdi ishonch bilan Glenarvan. – Bu hujjat shunday aniq, ravshan va ishonchliki, Angliya bo‘m-bo‘sh dengiz qirg‘og‘iga chiqarib tashlangan o‘zining uch farzandiga yordam bermay qololmaydi. U bir vaqtlar Franklin14 va ko‘pgina boshqa odamlarga qilgan yordamini «Britaniya»da halokatga uchraganlardan ham ayamaydi.

      ‒ U bechoralarni o‘ldiga chiqarib o‘tirgan oilalari ham bor bo‘lsa kerak, albatta, – dedi Elen. – Ehtimol, bechora kapitan Grantning xotini, bolalari bordir…

      ‒ Gapingiz to‘g‘ri, azizim, umid tamom uzilmaganidan ularni xabardor qilishni men bo‘ynimga olaman. Do‘stlarim, endi palubaga chiqamiz, portga yaqinlashib qolganga o‘xshaymiz.

      Haqiqatan ham, «Dunkan» bu vaqtda tezligini oshirib But oroli oldidan o‘tib bormoqda edi. O‘ng tarafda Rotsey ko‘rinib turardi. Keyin kema qo‘ltiqning ensiz farvateriga15 kirib, Grinok yonidan o‘tdi va kechqurun soat oltida Dumbartondagi bazalt qoya yaqinida langar tashladi; bu qoyaning cho‘qqisida shotlandiyalik qahramon Uollesning mashhur qasri joylashgan edi.

      Pristanda Elen bilan mayor Mak-Nabbsni Malkolm-Kestlga olib ketishi lozim bo‘lgan kareta kutib turar edi. Glenarvan o‘zining yosh xotini bilan quchoqlashib xayrlashdi-da, tezyurar poyezdga tushib Londonga jo‘nash uchun vokzalga yugurdi.

      Jo‘nab ketishdan oldin u xabar berishning eng tez bo‘ladigan usulini qo‘lladi: bir necha minutdan so‘ng telegraf «Tayms» va «Morning Kronikl» gazetalarining redaksiyasiga quyidagi mazmundagi e’lonni yetkazdi:

      «Kapitan Grant va «Britaniya» kemasining taqdiri to‘g‘risida ma’lumot olmoqchi bo‘lganlar mister Glenarvanga murojaat qilsinlar. Shotlandiya, Dumbarton grafligi, Lyuss, Malkolm-Kestl».

      Uchinchi bob

      MALKOLM-KESTL

      Malkolm-Kestl – tog‘li Shotlandiyaning eng ko‘rkam qasrlaridan biri. U Lyuss qishlog‘iga yaqin yerda, go‘zal manzarali vodiy tepasida qad ko‘targan. Lomond ko‘lining ko‘m-ko‘k suvlari uning granit devorlarini yuvib turadi. Bu qasr Rob-Roy va Fergus Mak-Gregorlarning vatanida ko‘p zamonlardan beri Valter Skott qahramonlarining qadimiy mehmondo‘stlik urf-odatlarini saqlab kelgan Glenarvanlar СКАЧАТЬ



<p>14</p>

Jon Franklin (1796 – 1848) – mashhur ingliz dengiz sayyohi, Shimoliy Muz okeaniga sayohat paytida yo‘qolgan. Angliya uni topish uchun bir qancha ekspeditsiyalar uyushtirgan (Muharrir).

<p>15</p>

Farvater – suvning kemalar yura oladigan chuqur joyi, kema yo‘li.