Название: Капитан Грант болалари
Автор: Жюль Верн
Издательство: Asaxiy books
isbn: 978-9943-8002-4-3
isbn:
Bir okeandan ikkinchi okeanga cho‘zilgan bu yo‘lda bitta ham karvonsaroy yo‘q. Sayohatchilar odatda qotirilgan go‘sht, murch sepib pishirilgan guruch va yo‘lda otib olingan qushlar bilan ovqatlanadilar. Tog‘larda jilg‘alardan, pasttekislikda ariqdan suv ichadilar. Suvga har bir sayohatchining yonidagi ho‘kiz shoxi – shiflda saqlanadigan romdan bir necha tomchi qo‘shiladi. Shuni ham aytib o‘tish kerakki, u yerlarda spirtli ichimliklarni kamroq iste’mol qilish kerak, chunki asablar o‘shasiz ham juda tarang bo‘ladi. O‘rin-ko‘rpa masalasiga kelsak, yo‘lda u faqat mahalliy egar – rekadodan iborat bo‘ladi. Bu rekado bir tarafi oshlangan, ikkinchi tarafi yungli qo‘y po‘stagidan – peliondan qilinadi va chiroyli gul tikilgan serbar ayil bilan xachir ustiga bog‘lanadi. Sayohatchi kechasi shu issiq pelionga o‘ralib yotib, bemalol uxlayveradi: undan hech qanday zax o‘tmaydi.
Bir vaqtlar juda ko‘p sayohat qilgan va mahalliy urf-odatlarga tez moslashib olishga odatlangan Glenarvan Chili kiyim-boshlarini kiyib oldi va hamrohlarini ham shunday kiyintirdi. Paganel bilan Robert – biri katta, biri kichik bu ikki go‘dak o‘rtasida teshigi bor keng plashch – chili ponchosidan boshlarini chiqarib, oyoqlariga toychoqning keyingi oyog‘i terisidan tikilgan etik kiyganlarida aytib bo‘lmas darajada quvonib ketdilar. Chiroyli egar-jabduq bilan yasatilgan xachirlarni bir ko‘rsangiz edi: arab so‘liqlari, metall bezaklar taqilgan yugan, chilvirdan eshilgan uzun jilov (u ayni vaqtda qamchin vazifasini ham bajaradi), bir kunlik oziq-ovqat g‘amlab qo‘yilgan guldor ajoyib alforxas – xurjunlar. Doim parishonxotir bo‘lgan Paganel bunday bezatilgan xachirga to minib olguncha undan bir necha tepki yeyishi ham gap emas edi. U doim birga olib yuradigan uzun durbinini yelkasiga osib xachirga minib olgach, oyog‘ini uzangiga tirab, o‘zini butunlay xachirning ixtiyoriga topshirib qo‘ydi; shuni ham aytib o‘tish kerakki, u bundan bir marta ham pushaymon bo‘lmadi. Robert esa xachir ustiga minib olishi bilanoq, o‘zining yaxshi chavandoz ekanini darhol ko‘rsatdi.
Yo‘lga chiqdilar. Havo juda yaxshi edi. Osmonda qilt etgan bulut ko‘rinmasa-da, kun issiq emas, dengizdan mayin shabada esib turadi. Kichkina otryad o‘ttiz mil janubdan o‘tadigan o‘ttiz yettinchi parallelga yetib olish uchun Talkaguano ko‘rfazining ilang-bilang qirg‘og‘idan tez ilgarilab bordi. Kuni bilan qurib qolgan botqoqlar o‘rnidan o‘sib chiqqan qamishlar oralab xachirlarni tez haydab bordilar, lekin kam so‘zlashdilar, chunki kemada qolganlar bilan xayrlashuvning taassuroti hali nari ketmagan edi. «Dunkan»ning o‘zi ufqda ko‘rinmay ketgan bo‘lsa ham, uning tutuni hali ko‘zga chalinib turardi. Paganeldan boshqa hamma jim, tirishqoq geograf ispan tilida o‘ziga-o‘zi savollar berar va o‘sha tilda yana o‘zi javob qaytarar edi.
Yo‘l boshlovchilarning boshlig‘i – katapats – ancha indamas odam edi; uning kasbi ham ortiqcha sergab bo‘lishni ko‘tarmasdi. U o‘z peonlariga deyarlik hech gapirmasdi. Peonlar o‘z vazifalarini juda yaxshi bilar edilar. Biror xachir to‘xtab qolsa, ular baqirib-chaqirib uni haydashar, agar bu ham yordam bermay, xachir o‘jarlik qilib turib qolsa, peonlar unga mohirlik bilan tosh otib haydar edilar. Ayili bo‘shashib ketsa yoki yugan chiqib ketsa, peon o‘z plashchini yechar va u bilan xachirning boshini yopib qo‘yib, ishni saranjomlardi, keyin xachir yana yo‘lga tushardi.
Xachir haydovchilar odatda nonushtadan keyin, ertalab soat sakkizda yo‘lga chiqadilar va kunduz soat to‘rtgacha yo‘l yuradilar, soat to‘rt bo‘lganda esa tunash uchun to‘xtaydilar. Glenarvan shu odatga binoan ish tutdi. Katapats to‘xtash uchun signal berganda ko‘pik sochib to‘lqinlanayotgan okean sohili bo‘ylab kelayotgan sayohatchilarimiz ko‘rfazning eng janubiy qismida joylashgan Arauko shahriga yaqinlashib qolgan edilar. Bu shahardan to o‘ttiz yettinchi parallel boshlanadigan yer – Karneyro qo‘ltig‘igacha g‘arbga qarab yana yigirma milcha yo‘l yurish kerak edi. Lekin Glenarvan yuborgan odamlar bu yerlarni juda sinchiklab tekshirib ketgani uchun sohilning bu qismini yana tekshirib o‘tirish ortiqcha edi. Shuning uchun ekspeditsiya Arauko shahridan to‘ppa-to‘g‘ri sharqqa yo‘l oladi, deb qaror qilindi.
Kichkina otryad shu shahardagi qovoqxonalardan birining hovlisida tunadi, qovoqxona ichkarisida tunash juda noqulay edi.
Arauko – Araukaniya degan kichkinagina davlatning poytaxti, bu davlatning territoriyasi hammasi bo‘lib uzunligi olti yuz kilometr va eni bir yuz yigirma kilometr maydondan iborat. Araukaniyada Chilining eng qadim xalqlari moluxlar yashaydilar. Ikkala Amerikada faqat shu mag‘rur va kuchli moluxlar qabilasigina chet ellarga bo‘ysunmagan. To‘g‘ri, bir vaqtlar Araukoni ispanlar bosib olgan edilar, lekin Araukaniya aholisi ularga bo‘ysunmadi54. Hozir Chili chet elli bosqinchilarga qanday qarshilik ko‘rsatayotgan bo‘lsa, Araukaniya aholisi ham o‘sha vaqtda ispanlarga shunday qattiq qarshilik ko‘rsatgan edi. Hozir ham moviy osmondagi oq yulduz tasvir qilingan uning bayrog‘i poytaxtni mudofaa qiladigan mustahkamlangan tuproq qo‘rg‘on ustida hilpirab, Araukaniyaning mustaqilligidan darak berib turardi55.
Kechki ovqat tayyor bo‘lguncha Glenarvan, Paganel va katapats tomi poxol bilan yopilgan uylar tushgan shahar ko‘chalarida aylanib yurdilar. Araukoda cherkov binosi bilan fransiskan monastirining xarobalaridan boshqa durustroq imorat yo‘q edi. Glenarvan «Britaniya» kemasi to‘g‘risida undan-bundan surishtirib ko‘rgan edi – foydasi bo‘lmadi. Paganelning zo‘r berib jon kuydirishiga qaramay, mahalliy aholidan hech kim uning tiliga tushunmadi.
Biroq Paganel bu yerlilar to Magellan bo‘g‘ozigacha araukan lahjasida gaplashadigan bo‘lganlaridan keyin, ular uchun ispan tili ham qadim yevropaliklar tilidek bir gap, deb o‘ziga o‘zi tasalli berdi. Shuning uchun Paganel o‘z qulog‘idan foydalanmadi, faqat ko‘zidan foydalanib, olimlarga xos zavq va mamnuniyat bilan har xil tipdagi moluxlarni tomosha qilardi. Erkaklar baland bo‘yli, qizg‘ish qora yassi betli, soqol qo‘ymaydigan kishilar edi: ularda chiqqan soqolni yulib tashlash odat edi. Ular sayohatchilarga ishonchsizlik bilan qarar edilar. Erkaklar tinchlik paytlarida nima qilishni bilmagan jangchilarga o‘xshab, bekorchilik bilan kun o‘tkazadiganday ko‘rinar edilar. Ayollar ro‘zg‘orga tegishli butun og‘ir ishlarni bajarar, shu bilan birga otlarni va qurol-yarog‘larni tozalashar, yer haydashar, o‘z xo‘jayinlari – erkaklar o‘rnida ov qilishar edi. Molux ayollari shuncha ishdan vaqt orttirib, yana poncho – feruza rangli milliy plashchlar tikardilar. Bunday bitta ponchoni tayyorlash ikki yilga cho‘zilar va bahosi yuz dollardan kam bo‘lmasdi. Umuman, moluxlar hali yovvoyilik urf-odatlarni saqlab qolgan, turmushi uncha qiziq bo‘lmagan xalq. Ularda odamzotga nimaiki illat xos bo‘lsa bor, lekin ular bitta juda yaxshi fazilatga ega, u ham bo‘lsa – ozodlikka muhabbat.
– Spartaliklarning xuddi o‘zi-ya! – deb takrorlar edi Paganel sayrdan qaytib kelib, ovqatlanar ekan.
Albatta, muhtaram olim ularga juda ortiqcha baho berib yubordi. Lekin u Arauko shahrida sayr qilib yurganda, uning fransuz yuragi qattiq-qattiq urganini bildirib, hamsuhbatlarini yana ham hayron qoldirdi. Mayorning, yuragingizning birdan bunday urib ketishiga sabab nima edi, deb bergan savoliga Paganel bu juda tabiiy, chunki yaqinginada mening vatandoshlarimdan biri Araukoniya taxtida o‘tirdi, deb javob berdi. Mayor u podshoning nomi nima edi deb so‘radi. Jak Paganel, u perigyolik eks-advokat, juda sersoqol ajoyib bir odam – janob de-Tonnen edi, deb g‘urur bilan javob berdi va janob de-Tonnen ham taxtdan tushgan qirollar «o‘z fuqarolarining ko‘rnamakligi» deb ataydigan holga uchradi, deb ilova qildi. Mayorning taxtdan quvilgan sobiq advokat to‘g‘risidagi bu gapni eshitib, jilmayib qo‘yganini ko‘rgan Paganel jiddiy ravishda, qirolning yaxshi advokat bo‘lishidan ko‘ra advokatning yaxshi qirol bo‘lishi osonroq deb ilova СКАЧАТЬ
53
Arrob – 11 kilogrammga to‘g‘ri keladigan mahalliy og‘irlik o‘lchovi.
54
Araukaliklar (o‘zlarini mapu-che deb ataydilar) – Chilining indeys aholisining asosiy qismini tashkil etuvchi xalq. Ispanlar kelgunigacha araukaliklar hozirgi Chilining butun hududiga tarqalganlar. Ularning bosqinchilar va mustamlakachilarga qarshi kurashi 300 yildan ortiq davom etgan. Hozirgi araukaliklar Markaziy Chilining janubiy qismida to‘plangan; ularning anchagina qismi rezervatsiyalarda yashaydi (Muharrir izohi).
55
Ispan mustamlakachilari Araukaniyani bosib olishga muttasil harakat qilishgan, araukanlarni mamlakatning chetki viloyatlariga siqib chiqarishgan. 1773-yilda Ispaniya hukumati Araukaniyaning mustaqilligini rasman tan oldi. XIX asrning 80-yillarida u Chili tarkibiga qo‘shib olindi (Muharrir izohi).