Название: Капитан Грант болалари
Автор: Жюль Верн
Издательство: Asaxiy books
isbn: 978-9943-8002-4-3
isbn:
Bo‘lajak ekspeditsiya bosib o‘tishi kerak bo‘lgan marshrutni chizib berar ekan, Paganel oldida ochiq yotgan xaritaga qayrilib ham qaramadi: u bunga zarurat sezmasdi. Uning Freze, Molin, Gumboldt, Mor, d’Orbini asarlariga tayangan o‘tkir xotirasi aldanishi ham, yanglishib qolishi ham mumkin emas edi. Bu geografik nomenklaturani tugatgach, Paganel qo‘shimcha qildi:
‒ Shunday qilib, do‘stlarim, yo‘limiz to‘ppa-to‘g‘ri yo‘l. Bu yo‘lni biz bir oy ichida bosib o‘tamiz, agar g‘arbdan esgan shamol «Dunkan»ni yo‘lda ushlab qolsa, biz sharqiy sohilga hatto undan oldinroq yetib boramiz.
‒ Demak, «Dunkan» Korrientes buruni bilan muqaddas Antoniy buruni o‘rtasida u yoqdan-bu yoqqa suzib yurib turishi kerak ekan-da!
‒ Xuddi shunday.
‒ Ekspeditsiyamiz qatnashchilari qilib kimlarni belgilamoqchisiz? – deb so‘radi Glenarvan.
‒ Ekspeditsiya qatnashchilari ko‘p bo‘lmaydi. Axir biz faqat kapitan Grantning ahvolini bilib kelmoqchimiz, xolos. Biz hindular bilan darhol jangga kirishish maqsadida emasmiz-ku. Menimcha, Glenarvan bizning boshlig‘imiz bo‘lishi tabiiy; mayor, u, albatta, o‘z o‘rnini birovga berishni sira istamasa kerak; kaminangiz Jak Paganel…
‒ Men ham! – deb qichqirdi Robert.
‒ Robert! Robert! – deb uni to‘xtatmoqchi bo‘ldi opasi.
‒ Nima uchun yo‘q deysiz? – dedi Paganel. – Sayohat yoshlar uchun foydali narsa: chiniqadi, ko‘p narsalarni o‘rganadi. Shunday qilib, bizdan to‘rt kishi, yana «Dunkan»dan uchta matros olinsa bo‘ldi…
‒ Ana xolos, – dedi Jon Mangls Glenarvanga qarab, – demak, bu ekspeditsiyada men ishtirok qilmas ekanman-da?
‒ Azizim Jon, biz paroxodda yo‘lovchilarimizni, ya’ni biz uchun dunyodagi eng qimmatli ayollarni qoldirib ketyapmiz. Ularga «Dunkan»ning sodiq kapitanidan ham yaxshiroq kim g‘amxo‘rlik qila oladi!
‒ Bundan chiqdi, biz birga borolmas ekanmiz-da? – dedi Elen g‘amginlik bilan boqib.
‒ Sevimli Elen, – deb javob berdi Glenarvan, – bizning sayohatimiz juda tez sur’at bilan o‘tkaziladi. Biz uzoq vaqtga ajralmaymiz, shuning uchun…
‒ Yaxshi, azizim, tushunaman, – dedi Elen. – Oq yo‘l, sizlarga chin yurakdan muvaffaqiyat tilayman!
‒ Buning ustiga, uni sayohat deb ham atab bo‘lmaydi, – dedi Paganel.
‒ Unda nima deb atash kerak uni?
‒ Shunchaki bir sayr. Biz sof vijdonli odamlarmiz, shuning uchun safarimiz vaqtida ko‘proq yaxshilik qilishga tirishamiz.
Agar hamma bir fikrda bo‘lgan hozirgi muhokamada «muzokara» so‘zini ishlatish o‘rinli bo‘lsa, Paganelning ana shu gapi bilan muzokaralar tugadi. Shu kuniyoq ekspeditsiyaga tayyorgarlik boshlandi. Hindularning diqqatini tortmaslik uchun uni qattiq sir tutishga qaror qilindi.
Safarga chiqish 14-oktabrga belgilandi. Ekspeditsiyaga matroslardan kim qatnashadi, degan masalada so‘z ochilganda, barcha matroslar bunga hozir ekanliklarini bildirdilar. Qiyin ahvolga tushib qolgan va bu ajoyib yigitlardan birontasini ham xafa qilishni istamagan Glenarvan chek tashlashga qaror berdi. Shunday qilishdi. Orzu qilingan chek kapitan yordamchisi Tom Ostin, baquvvat Vilson va boksda hatto Tom Sayersning50 o‘ziga ham bo‘sh kelmaydigan Myulredilarga tushdi.
Bu tayyorgarlik ishlarida Glenarvan katta g‘ayrat ko‘rsatdi. U har qanday qilib bo‘lsa ham belgilangan kuni yo‘lga chiqishga tayyor bo‘lishiga ahd qildi va maqsadiga erishdi. Jon Mangls ham Glenarvandan kam g‘ayrat qilmadi. U darhol ochiq dengizga chiqish uchun ko‘mir g‘amlab olishga shoshildi. Jon Argentina sohillariga ulardan oldin yetib borishni istardi. Shu jihatdan Glenarvan bilan yosh kapitan o‘rtasida haqiqiy musobaqa vujudga keldi va bu, albatta, ishga foyda keltirdi.
14-oktabrda tayin qilingan soatga hamma tayyor edi. Jo‘nab ketishdan oldin yo‘lovchilar kayut-kompaniyaga to‘plandilar. «Dunkan» langarini ko‘tara boshladi, yassi vint parraklari Talkaguano qo‘ltig‘ining tiniq suvlarini loyqatdi. Karabinlar va Kolt revolverlari bilan qurollanib olgan Glenarvan, Paganel, Mak-Nabbs, Robert Grant, Tom Ostin, Vilson va Myulredi kemadan tushib ketishga tayyorlanardilar. Yo‘l boshlovchilar bilan yuk ortilgan xachirlar ularni qirg‘oqda kutib turar edi.
‒ Vaqt bo‘ldi, – dedi nihoyat Glenarvan.
‒ Xo‘p, oq yo‘l, azizim, – dedi Elen hayajonini bosishga tirishib.
Glenarvan uni bag‘riga bosdi. Robert opasining bo‘ynidan quchoqladi.
‒ Endi, aziz do‘stlarim, – dedi Paganel, – kelinglar, ajralishdan oldin bir-birimizning qo‘limizni qisaylik, shunday mahkam qisaylikki, to Atlantik okeani qirg‘og‘ida uchrashgunimizcha shu qo‘l qisishganimiz sezilib tursin!
Paganel juda katta ketdi. Lekin xayrlasha turib, ba’zilar shunday qizg‘in quchoqlashdilarki, muhtaram olimning orzusi haqiqatan ham amalga oshadiganga o‘xshab qoldi.
Hamma yana palubaga chiqdi, ekspeditsiyaning yetti a’zosi «Dunkan»ni tark etdilar. Ko‘p o‘tmay ular sohilga yetib oldilar. Bu vaqtda manyovr qilayotgan kema qirg‘oqqa yarim kabeltovdan51 ham yaqinroq keldi.
‒ Oq yo‘l, do‘stlarim, muvaffaqiyat tilayman! – deb qichqirdi oxirgi marta Elen kemaning yut qismidan.
‒ Olg‘a! – deb komanda berdi Jon Mangls mashinistga.
‒ Ketdik! – dedi Glenarvan go‘yo kapitan bilan til biriktirgandek.
Sayohatchilar sohil yoqasidagi yo‘ldan ot choptirib ketganlarida «Dunkan» shitob bilan ochiq dengizga yo‘l oldi.
On birinchi bob
CHILIDAN O‘TISH
Glenarvan o‘z ekspeditsiyasiga mahalliy kishilardan to‘rtta yo‘l boshlovchi qo‘shib oldi: ulardan uchtasi katta kishilar va bittasi yosh bola edi. Yo‘l boshlovchilarning boshlig‘i bu mamlakatda yigirma yildan ham ortiqroq yashagan bir ingliz edi. U xachirlarini sayohatchilarga garovga berib, o‘zi Kordiler dovonlaridan oshib o‘tishda ularga yo‘l boshlovchilik qilardi. Tog‘dan oshib o‘tgach, u odatda o‘z sayohatchilarini bakeanoga – pampaslardagi yo‘llarni yaxshi bilgan argentinalik yo‘l boshlovchiga topshirardi. Bu ingliz hindular orasida uzoq yashaganiga qaramay, o‘z ona tilini butunlay esdan chiqarib yubormagan bo‘lib, bizning sayohatchilar bilan bemalol so‘zlasha olardi. Bu, unga har xil topshiriqlar berish va ularning qanday bajarilganini tekshirishda Glenarvanning ishini ancha yengillashtirdi. Paganelning ispan tilini o‘rganaman deb har qancha harakat qilganiga qaramay, hozircha hech kim uning so‘ziga tushunmagani vajidan bu ayniqsa muhim edi.
Chili shevasida «katapats» deb yuritiladigan inglizning qo‘l ostida ikki peon bilan o‘n ikki yashar bir bola bor edi. Peonlar ekspeditsiya yuklari ortilgan xachirlarni haydab kelishar, bola esa madrilani – bo‘yniga qo‘ng‘iroqlar osilgan kichkinagina xachirni yetaklab borar edi. Madrila o‘z orqasidan kelayotgan o‘nta xachirni boshlab ketayotgandek karvonning oldida borar edi. Xachirlarning yettitasida bizning sayohatchilarimiz, sakkizinchisida – katapats kelar edi. Qolgan ikki xachirga oziq-ovqat va pampas katsiklariningСКАЧАТЬ
50
Tom Sayers – londonlik mashhur boksyor (Muallif izohi).
51
Kabeltov – dengizda: 185,2 metrga teng uzunlik o‘lchovi.