Suv ostida sakson ming kilometr. Жюль Верн
Чтение книги онлайн.

Читать онлайн книгу Suv ostida sakson ming kilometr - Жюль Верн страница 8

Название: Suv ostida sakson ming kilometr

Автор: Жюль Верн

Издательство: SHARQ

Жанр:

Серия:

isbn: 978-9943-26-603-2

isbn:

СКАЧАТЬ kuzatardim.

      Bunday paytlarda tepsa tebranmas Konsel menga bamaylixotir murojaat qilar edi:

      – Xo‘jam, ko‘zlarini yirmay qarasalar yaxshiroq ko‘rardilar.

      Biroq har gal ham hayajonimiz bekor ketar edi. «Avraam Linkoln» taxmin qilingan dushmanga yaqinlashib, uning oddiy kashalot yoki kitligini ko‘rib, yana yo‘lida davom etar, komanda esa gunohsiz jonivor boshiga la’natlar yog‘dirar edi.

      Havo hamisha yaxshi bo‘lib turdi. Janubiy yarim sharda iyul shimoldagi yanvarga to‘g‘ri kelib, odatda bunday kezlarda ayni yog‘ingarchilik bo‘lishiga qaramay, safarimiz juda yaxshi sharoitda davom etdi. Dengiz sokin, atrof yaqqol ko‘rinar edi.

      Ned Lend o‘sha ishonchsizligida qattiq turib olgan edi. Buni namoyish qilish uchun qorovullikdan bo‘shagan soatlarda kit ko‘rinmasa dengizga ataylab qaramas edi.

      Shunisi alam qilar edi. Chunki uning g‘oyat o‘tkir ko‘zlari ekspeditsiyaga juda katta foyda keltirishi mumkin edi-da.

      Ammo qaysar kanadalik yigirma to‘rt soatdan o‘n olti soatini kayutada o‘tkazishni ma’qul ko‘rardi.

      Men uning beparvoligini yuz marta yuziga soldim.

      – Bekordan bekorga ko‘zni toliqtirishning nima keragi bor, professor, – deb javob berar edi u menga. – Avvalo, hech qanaqa narvalning o‘zi yo‘q, bordi-yu, biror jonivor mavjud bo‘lganda ham u bilan to‘qnashuvga bizda qanday asos bor? Axir biz uni ko‘r-ko‘rona, tavakkal qilib quvyapmiz. Allaqanday kema, darhaqiqat, bu tutqich bermas hayvonni Tinch okeanda uchratdi ham deylik. Ammo shundan buyon oradan qariyb ikki oy o‘tdi. O‘sha narvalning xarakteriga qaraganda, u bir joyda uzoq muddat qaqqayib turishni yoqtirmaydi. Siz o‘zingiz uni juda tez harakat qiladi, deb aytyapsiz. O‘ylaymanki, hech narsani maqsadsiz yaratmagan tabiat, shamol tezligida, harakat qiladigan o‘sha mavjudotni tabiatan juda vazmin qilib ham yaratmagan bo‘lsa kerak desam, fikrimga qo‘shilarsiz. Binobarin, bordi-yu, bu hayvon mavjud bo‘lganda ham, u bu yerdan ancha uzoqda!

      Bu fikrni bir nima deb rad etish qiyin edi. Biz darhaqiqat ko‘r-ko‘rona suzar edik. Ammo boshqa nima ham qila olardik. Ned Lend – haq: bizning bahaybat maxluq bilan uchrashuvimizga deyarli umid yo‘q edi. Shunga qaramay, ekspeditsiyaning baribir muvaffaqiyatli tugashiga hech kim shubhalanmasdi.

      20-iyulda biz Kozerog tropigini uzunlikning 105-gradusida ikkinchi marta kesib o‘tdik, o‘sha oyning 27-sida uzunlikning 110-gradusida ekvatordan o‘tdik. O‘sha kunning o‘zidayoq, kema janubga, Tinch okeanning markaziy havzasi tomon yo‘l oldi. Kapitan narvalni quruqliklar va orollardan uzoqda, suvi chuqur zonalarda qidirish kerak, degan qat’iy fikrda edi. Botsmanimizning fikricha, bahaybat maxluq «aftidan dengiz uni qanoatlantiradigan darajada chuqur bo‘lmaganidan» bu yerlarga kelmagan.

      Shunday qilib, kema Paumotu, Markiz, Sandvichev orollari yonidan o‘tdi-da, Rak tropigini uzunlikning 132-gradusida kesib, Xitoy dengizi tomon yo‘l oldi.

      Mana, nihoyat biz bahaybat maxluq so‘nggi marta uchragan joyga yetib keldik! Hammaning yuragi shu qadar tez gupullab urardiki, bu ahvolda yurak kasalligining kemada keng tarqalishi hech gap emas edi. Miyadan ketmaydigan bu fikrdan butun ekipaj vasvasaga tushib qolgan edi. Odamlar uxlashmas, ovqat ham yemas edilar, kuniga yigirma martadan ko‘z aldanib qattiq hayajonlanish, lekin har gal kutilgan umid chipakka chiqqanda, ekipajdagilarning asablari buzilar, buning oqibati yaxshi bo‘lmasligi aniq edi.

      Darhaqiqat, tez orada buning ta’siri sezila boshladi. Har bir kuni yuz yilday tuyulgan uch oy davomida esa «Avraam Linkoln» Tinch okean shimoliy qismining hamma tomonini kezib chiqdi. Kema ko‘zga chalingan kitlar ortidan quvar, galsdangalsga19 burilar, to‘satdan to‘xtar, mashinani boshqarishni xatarda qoldiradigan darajada bug‘ni goh oshirib, goh kamaytirib borardi. Yaponiya sohillaridan tortib Amerika qit’asigacha biron nuqtani ham e’tiboridan chetda qoldirmadi. Ammo bu juda katta masofada hech narsa, ha, hech narsa uchramadi, loaqal o‘sha ulkan narvalgami yoki suvosti orolchasigami, halokatga uchragan kema sinig‘igami, harakatlanuvchi suvosti qoyagami yoki boshqa biror baloga bo‘lsa ham o‘xshaydigan narsaga duch kelinmadi. Ha, hech narsaga!

      Ola-g‘ovur boshlandi. Umidsizlik ishonchsizlikka yo‘l ochib berdi. Ekipajni og‘ir bir his qiynay boshladi. Buning o‘ndan uch qismi xijolat bo‘lsa, o‘ndan yettisi alam edi.

      Har bir kishi bu bo‘lmag‘ur safsataga ishonib, ahmoq bo‘lganidan uyalar edi. Ammo alam hissi uyalishdan battarroq qiynardi. Buning isboti uchun bir yil davomida asta-sekin yig‘ilgan dalillar bir kuni o‘rtaga to‘kib solindi. Endi har bir kishi behuda sarflangan vaqtni qoplash yo‘lini axtarardi.

      Odamzodning aqliga xos o‘zgaruvchanlik bilan kishilar o‘zlarini har tomonga urib ko‘rar edilar. Sayohatning eng qizg‘in tarafdorlari uning ashaddiy dushmanlariga aylandilar. Ishonchsizlik to‘l-qini butun kemani – tryumlardan tortib kayutkampaniyalargacha zabt etdi. Agar kapitan Faragut nimagadir o‘jarlik bilan qattiq turib olmaganida, «Avraam Linkoln» o‘sha zahoti tumshug‘ini janub tomonga burib olgan bo‘lur edi.

      Biroq bu befoyda izlashlar to‘xtovsiz davom etaverishi mumkin emas edi. «Avraam Linkoln»ga ta’na qilish o‘rinsiz edi. Kema topshiriqni bajarish uchun nimaiki undan lozim bo‘lsa, hammasini qildi. Amerika kema komandasi hech qachon shunchalik g‘ayrat va shijoat ko‘rsatmagandi. Ekspeditsiyaning muvaffaqiyatsizligi uchun deyarli unda ayb yo‘q edi. Aftidan, qaytishdan bo‘lak chora qolmaganga o‘xshaydi…

      Kapitan Faragutga kema ekipaji tomonidan tegishli bayonot berildi. U rad etdi.

      Matroslar o‘z noroziliklarini yashirmas edilar va kemada intizom bo‘shashdi. Men kemada g‘alayon bo‘ldi, deyolmayman. Ammo kapitan Faragut uzoq davom etmagan qarshilikdan so‘ng, o‘z vaqtida Kolumb qilganiday ekipajdan uch kun sabr qilishni so‘rashdan bo‘lak iloji qolmadi. Agar shu uch kun mobaynida bahaybat maxluq topilmasa, rulni boshqaruvchi kishi shturvalni aylantiradi va «Avraam Linkoln» orqasiga qaytadi.

      Bu va’da 2-noyabrda berilgan edi. Shundan keyin komanda kayfiyati bir zumda ko‘tarilib ketdi. Odamlar yana diqqat bilan to‘lqinlarga qaray boshladilar. Durbinlar va kuzatuv trubalari yana ishga tushdi. Bu bahaybat narvalga qilinayotgan so‘nggi chaqiriq edi.

      Shu zaylda ikki kun o‘tdi. «Avraam Linkoln» sekin yurib borar edi. Mabodo narval yaqin orada bo‘lsa, degan umidda komanda uni jalb etish uchun ming xil narsa o‘ylardi.

      Kema ortidan to‘da-to‘da bo‘lib kelayotgan akulalarga parcha-parcha yog‘ tashlanar edi. Kemadagi eshkakli qayiqlar dengizning hamma tomonlarini, suv sathining har bir kvadrat metrigacha sinchkovlik bilan ko‘rib aylanishdi.

      4-noyabrning kechki paytigacha ham sir sirligicha qolaverdi.

      Keyingi kuni, 6-noyabr, peshindan keyin belgilangan muddat tugadi. Soat so‘nggi bor bong urishi bilan kapitan Faragut bergan so‘ziga binoan, kemani janubi sharqqa burishi va Tinch okeanning shimoliy qismidan chiqib ketishi kerak edi.

      Shu paytda kema shimoliy kenglikning 31- gradus 15-minuti va sharqiy uzunlikning 136- gradus 42-minutida edi. Yaponiya biz turgan joydan salkam ikki yuz milya masofada edi. Kech kira boshladi. Soat sakkizga zang urdi. Quyuq bulutlar bir haftalik oyning ingichka o‘rog‘ini o‘rab olishdi. Dengiz kemani bir maromda chayqab turar edi.

      Shu daqiqada men shtirbortda20 kema panjarasiga suyanib turardim. Konsel yonimda loqaydlik bilan oldinga tikilib turar edi. Reyga21 chiqib olgan matroslar qorong‘i cho‘kishi bilan tobora kichrayib borayotgan ufqni ko‘zdan kechirar edilar. Ofitserlar tungi durbinlarini okean sathiga СКАЧАТЬ



<p>19</p>

Gals – kemaning shamol yo‘nalishiga tomon yurishi.

<p>20</p>

Shtirbort – kemaning o‘ng tomoni, chekkasi.

<p>21</p>

Rey – kema machtasining ko‘ndalang to‘sini.