Название: Suv ostida sakson ming kilometr
Автор: Жюль Верн
Издательство: SHARQ
isbn: 978-9943-26-603-2
isbn:
– To‘g‘risini aytganda, Ned, bu haqda siz qanchalik bilsangiz, men ham shu.
– Har holda siz nima deb o‘ylayapsiz?
– Menimcha, biz tasodifan muhim sirni bilib oldik. Agar suvosti kemasining ekipaji ana shu sirni oshkor qilmaslikdan manfaatdor bo‘lsa va bu masala uch kishining hayotidan ko‘ra muhimroq deb qarasa, unda biz jiddiy xavf ostidamiz. Agar shunday bo‘lmasa, unda dastlabki imkoniyat tug‘ilishi bilanoq bahaybat maxluq bizni o‘zimiz singari odamlar yashayotgan yerda qoldirib ketadi.
– Yoki bizni kema komandasiga qo‘shib, – deya luqma tashladi Konsel, – shu yerda…
– To «Avraam Linkoln»dan ko‘ra tezroq suzadigan durustroq boshqa bir kema bu qaroqchilar uyasini zabt etib, – deya Konselning fikrini davom ettirdi Ned Lend, – uning butun ekipajini biz bilan birga grot-machtasining31 eng baland joyiga osib qo‘ygunlaricha…
– Mulohazangiz o‘rinli, Ned, – dedim men.–Ammo menimcha, hali hech kim bu suvosti kemasi komandasi tarkibiga kirishimizni taklif qilganicha yo‘q. Shuning uchun o‘shanda nima qilishimiz kerak, deb fol ochib o‘tirishimiz noo‘rin. Yana qaytarib aytaman, sabr qilaylik, biror chora ko‘rish vaqti kelsa, sharoitga qarab o‘ylashib olarmiz; hozir hech narsa qilish kerak emas, sirasini aytganda, bunga zarurat ham yo‘q.
– Aksincha, – e’tiroz bildirdi qaysar garpunchi taslim bo‘lgisi kelmay, – albatta, bir narsa qilish kerak.
– Xo‘sh, nima qilish kerak, Ned?
– Qutulish kerak!
– Yerdagi turmadan qochishning o‘zi qancha mashaqqatli, suv ostidagidan esa sira iloji yo‘q, – dedim men.
– Xo‘sh azizim, Ned, – so‘radi Konsel, – xo‘jamning bu gapiga nima deysiz? Bilaman, amerikaliklar bahslashishga usta bo‘lishadi.
Garpunchi dovdirab jim bo‘lib qoldi. Biz turgan sharoitda qochish chindan ham mumkin emas edi. Ammo kanadalik yarim fransuz-ku, axir. Buni Ned Lend o‘z javobi bilan juda isbotlab berdi.
– Janob professor, – dedi u bir necha minut o‘ylab olgandan keyin, – siz turmadan qochmoqchi bo‘lgan kishilar buning uddasidan chiqolmasalar nima qilish kerakligini bilmaysizmi?
– Yo‘q, do‘stim.
– Axir bu juda oson-ku. Ular turmada qolish uchun qulay vaziyat vujudga keltiradilar…
– Bo‘lmasam-chi! – dedi Konsel. – Suvosti turmasining ostida yoki ustida bo‘lgandan ko‘ra ichida bo‘lgan yaxshi-da, albatta.
– Ammo oldin u yerdan turma egalari, darvozabon va qorovullarni chiqarib tashlaydilar, – deb qo‘shib qo‘ydi Ned Lend.
– Nima deyapsiz o‘zi, Ned! Nahotki, siz chindan ham kemani egallab olishni o‘ylayotgan bo‘lsangiz?
– Hazili yo‘q, jiddiy gapiryapman, – javob berdi kanadalik.
– Buning sira iloji yo‘q.
– Nega endi, professor? Qulay fursat kelsa, iloji bor. Bunday fursatdan foydalanib qolmaslikka biron asos yo‘q. Menimcha, kemada yigirmadan ortiq kishi yo‘q. Bu bir hovuch odam esa biz uchun qo‘rqinchli emas!
Garpunchi bilan bahslashib o‘tirishdan ko‘ra, uning taklifiga indamay qo‘ya qolish ma’qulroq edi. Shuning uchun men unga quyidagilarni aytish bilan kifoyalana qoldim.
– Shunday fursat bo‘lishini kutamiz, Ned, o‘shanda ko‘ramiz. Ungacha sabr qilishingizni iltimos qilaman. Bu rejani hiyla bilangina amalga oshirsa bo‘ladi, sizning qiziqqonligingiz esa bunday fursat kelishini yaqinlashtirmaydi. Bunday fursatni sabr-toqat bilan, jahl qilmay kutishga so‘z berishingiz kerak.
– So‘z beraman, janob professor, – javob berdi Ned Lend ishonchsiz ohangda. – Hatto ovqatni biz istagan tartib bilan berishmasa ham mendan biron nojo‘ya so‘z eshitmaysiz, bironta ortiqcha harakat ko‘rmaysiz.
– Shu so‘zlaringizni unutmang, Ned, – dedim men kanadalikka.
Shu bilan oradagi gap tugadi va har birimiz o‘z fikrlarimiz bilan bo‘ldik. E’tirof etishim kerakki, garpunchining shunchalik ishontirishlariga qaramay, baribir umidvor bo‘lmadim. Men Ned Lend aytgan baxtli tasodif ro‘y berishiga ishonmas edim. Hech shubhasiz, suvosti kemasi ko‘p sonli ekipajga ega, binobarin, jang qilishga to‘g‘ri kelsa, biz juda kuchli dushman bilan to‘qnashuvimiz aniq edi.
Shunisi ham borki, Ned Lendning rejasini amalga oshirish uchun, avvalo ozod bo‘lishimiz kerak, biz esa bandilarmiz. Men eshigi mahkamlangan bu temir qafasdan qanday qilib qutulishni ko‘z oldimga keltirolmas edim. Axir suvosti kemasi kapitanining biron siri bo‘lsa – bunday bo‘lishi esa ehtimoldan xoli emas – unda u bizning kemada hech qanday to‘siqsiz yurishimizga yo‘l qo‘ymasligi aniq.
U bizni nima qilishini: bizdan darhol qutulishni istaydimi yoki uzoq yillar qamab qo‘yib, so‘ngra biror inson oyog‘i tegmagan bir parcha yerga tashlab ketadimi – buni oldindan bilib bo‘lmas edi. Biz butunlay uning hukmronligida edik va bu taxminlarning hammasi nazarimda haqiqatga yaqin bo‘lib ko‘rinar edi. Shunday sharoitda ozodlikka umid bog‘lash uchun Ned Lendnikiga o‘xshagan xarakterga ega bo‘lish kerak. Ochig‘ini aytsam, Ned Lend qancha o‘ylasa, shuncha ko‘proq achchiqlanar ekan. Allaqachon la’nat so‘zlari bo‘g‘izga tiqilib turganini, imo-ishoralaridan uning tobora g‘azablanayotganini sezardim. U qafasdagi yirtqichday u yoqdan bu yoqqa irg‘ishlar, devorni tepar va mushtlar edi.
Vaqt o‘tib borardi. Ochlik o‘z kuchini ko‘rsata boshladi. Styuarddan esa hamon darak yo‘q edi. Halokatga uchraganlarga nisbatan bunday e’tiborsizlik yaxshilik alomati emas edi.
Ned Lend ochlikdan qiynalar, borgan sari tajanglashmoqda edi. O‘zini tutishga va’da bergan bo‘lishiga qaramay, komandadan biron kishi kirganda to‘satdan quturib ketishidan qo‘rqar edim.
Keyingi ikki soat davomida Ned Lendning qahri borgan sari oshdi. Kanadalik behudaga baqirib-chaqirar, temir devorlar esa miq etmay turardi. Bu kemaning biron yeridan loaqal ozgina ham shovqin eshitmadim, go‘yo odamlari o‘lganday. U bir joyda turar edi, aks holda biz parrakning aylanishidan kema korpusining zirillashini sezgan bo‘lardik. Tubsiz suv qa’riga cho‘kkan bu kema yerga ortiq sira aloqasi yo‘qday edi. Bu sukunat juda dahshatli edi.
Men bu temir qafasda yana qancha vaqt o‘tirishimizni o‘ylashdan ham cho‘chir edim.
Kema kapitani bilan bo‘lgan uchrashuvdan so‘ng menda paydo bo‘lgan umidlar ham asta-sekin so‘na boshladi. Mehribon ko‘zlari, yuz ifodasidagi ochiqlik, gavda bichimidagi oliyjanoblik – bularning hammasi xayolimdan ko‘tarilib ketdi. Endi bu g‘alati odamni aftidan u aslida qanday bo‘lsa shundayligicha – zolim va shafqatsiz tasavvur etardim. Men uni odamgarchilikdan yuqoriroqda, rahm-shafqatdan mahrum, odamlarni bir umr yomon ko‘rishga qasamyod etgan insoniyatning ashaddiy dushmani sifatida ko‘z oldimga СКАЧАТЬ
31