Название: Suv ostida sakson ming kilometr
Автор: Жюль Верн
Издательство: SHARQ
isbn: 978-9943-26-603-2
isbn:
Kanadalik zo‘r ehtiros bilan gapirdi. U bizga nisbatan qilinayotgan zo‘ravonlikka qarshi qat’iy norozilik bildirdi va bu insoniy huquqlarga zidligini aytdi; bizni bu kameraga qaysi qonunga asoslanib qamab qo‘yganlarini so‘radi; bizni ozodlikdan mahrum etganlarga sud ta’qibini aytib, po‘pisa qildi; qo‘llarini paxsa qilib qichqirdi va nihoyat pirovardida imo-ishora bilan ochlikdan o‘layozganimizni tushuntirmoqchi bo‘ldi.
Aytayotgan gapi juda to‘g‘ri edi, ammo biz buni deyarli unutgan edik.
Ming afsuski, garpunchi uning so‘zlarini ham menikiday tushunmaganlariga imoni komil bo‘ldi. Huzurimizga kelganlar mijja qoqmay turardilar. Aftidan ular Faradey25 tilini Arago26 tilidan ortiq bilmas edilar.
Tilshunoslik bobidagi butun imkoniyatlarni ishga solgandan keyin ham muvaffaqiyatsizlikka uchraganimdan ajablanib, nima qilishimni bilmay turganimda, Konsel menga murojaat qilib qoldi:
– Agar xo‘jam ijozat bersalar, men xuddi shuning o‘zini nemischa so‘zlab berardim.
– Nima, sen nemischa bilasanmi? – deya hayajondan qichqirib yuboribman.
– Barcha flamandiyaliklar singari. Agar xo‘jam bunga qarshi bo‘lmasalar, albatta…
– Marhamat, Konsel! Gapir tezroq!
Nihoyat Konsel juda osoyishta bir ohangda butun boshimizdan kechirganlarimizni uchinchi marta hikoya qilib berdi. Biroq so‘zlovchining juda chiroyli jumla tuzishlari va notiqona uslubiga qaramay, nemis tili ham qo‘l kelolmadi.
Oxiri devorga suyanib turib maktabdagi uzuq-yuluq xotiralarni eslab, xuddi o‘sha hikoyani lotin tilida so‘zlay boshladim. Sitseron27 eshitganida, quloqlariga paxta tiqib olib, meni oshxonaga quvib chiqargan bo‘lardimi, ammo men nima bo‘lsa ham so‘zimni oxiriga yetkazdim.
Natijasi oldingiday yana qoniqarsiz bo‘ldi.
Bu so‘nggi urinishimiz ham muvaffaqiyatsizlikka uchragach, notanish kishilar loaqal bizni tinchlantirish uchun barcha mamlakatlar va xalqlar orasida bir xil bo‘lgan imo-ishora ham qilmay, o‘zlarining tushunib bo‘lmaydigan tillarida o‘zaro bir necha so‘z aytishdi-da, chiqib ketishdi.
Ular chiqib ketishlari bilan eshik bekildi.
– Bu qabihlik! – deya qichqirdi Ned Lend shu bilan yigirmanchi marta g‘azab o‘tida yonib.
– Nima qilish kerak. Bu galvarslar bilan fransuzcha, inglizcha, nemischa, lotincha gapirilsa-da, birontasi churq etib javob bermasa-ya!
– Tinchlaning, Ned, – dedim men hayajonlangan garpunchiga, – g‘azab bilan bir ish qilib bo‘lmaydi.
– To‘g‘ri-yu, professor, – deya javob berdi kanadalik zarda bilan, – ammo biz bu temir katak ichida ochlikdan o‘lamiz, bilasizmi!
– O‘h-ho‘, – faylasuflarga xos osoyishtalik bilan e’tiroz bildirdi Konsel, – hali bunga erta.
– Og‘aynilar, – dedim men, – noumid bo‘lmanglar. Bundan og‘ir sinovlarga ham bardosh berdik. Kema kapitani va uning ekipajini qoralashga shoshilmanglar. Ular haqida biror fikrga kelish vaqti ham yetar.
– Mening fikrim hozirning o‘zidayoq uzil-kesil tayyor! – dedi Ned Lend. – Bular razil odamlar!
– Juda soz, ammo ular qayerda tug‘ilgan? – bamaylixotir so‘radi Konsel.
– Razillar mamlakatida!
– Azizim Ned, bu mamlakat geografik kartada aniq ko‘rsatilmagan, binobarin, e’tirof etamanki, men bu odamlarning qaysi millatdanligini aniq ayta olmayman. Ammo ishonch bilan shuni aytishim mumkinki, ular ingliz ham, fransuzlar ham, nemislar ham emas. Menda boshliq va uning hamrohi kenglikning harorati past yerlarida joylashgan mamlakatda tug‘ilgan degan taassurot qoldi, chunki ular ko‘rinishdan janubliklarga o‘xshashadi. Ammo irqiy belgilari yuzlarida yorqin ifodalanmagani uchun qaysi millatga mansubliklarini, ispanmi, turkmi, arab yoki hindumi – qat’iy aytish qiyin.
– Qarang, barcha tillarni bilmaslik qanchalik yomon, – luqma tashladi Konsel, – agar yagona xalqaro bir til bo‘lganida, qanday yaxshi bo‘lardi-ya!
– Bundan biron naf chiqmas edi, – deya e’tiroz bildirdi Ned Lend. – Nima, zindonbonlarimizning o‘ziga xos tillari halol odamlarning jig‘iga tegish uchun o‘ylab topilganini ko‘rmayapsizmi? Dunyodagi barcha mamlakatlarda og‘iz ochish, tishlarni shiqirlatish, chakakni qimirlatish qanday mazmun ifoda etishini yaxshi bilishadi. Kvebekda, Parijda, Paumotuda, antipodlarda28 – hamma joyda bu bir mazmun anglatadi: ochman, menga ovqat bering!
– Eh-he, – vazminlik bilan javob berdi Konsel, – shunday gap uqmas odamlar borki…
Xuddi shu payt eshik ochilib xonaga styuard29 kirdi. U bizga ust-bosh – menga noma’lum bo‘lgan allaqanday matodan tikilgan kalta kamzul bilan shim olib keldi.
Men kiyimlarni tez kiyib oldim. Sheriklarim ham xuddi shunday qilishdi.
Shu orada styuard gung, ehtimol, garang bo‘lsa ham ajab emas – stol ustiga uch kishiga mo‘ljallab qoshiq-vilka qo‘ydi.
– Mana bu boshqa gap! – dedi Konsel. – Boshlanishi chakki emas.
– Ko‘ramiz,– deya g‘o‘ldiradi ginaxon garpunchi. Bu yerda nima bilan boqishlarini tasavvur qilsa bo‘ladi! Treskaning jigari, suyagi olib tashlangan olabug‘a balig‘i-yu, dengiz itining bir parcha qovurilgan go‘shtimi?
– Birpas sabr qilsak, bilib olamiz, – deb javob berdi Konsel. Kumush qalpoqlar bilan yopilgan idishlar dasturxonga bir tekisda qo‘yildi.
Biz stol atrofiga o‘tirib oldik. Biz madaniyatli kishilar orasida ekanligimizga shubha yo‘q edi, agar elektr chiroq bo‘lmaganda, Liverpuldagi Adelfi yoki Parijdagi Grand otel-mehmonxonasining oshxonasida o‘tiribmiz, deb o‘ylash mumkin edi.
Ha, aytganday, shuni ta’kidlash kerakki, non ham, vino ham, umuman yo‘q edi.
Suv juda toza, tiniq edi. Ammo bu quruq suv bo‘lgani uchun Ned biroz ranjidi.
Bizga berilgan ovqatlar orasida baliqdan a’lo darajada tayyorlangan taomlar ham bor edi. Biroq boshqa taomlar xususida hatto ular tabiatning qaysi dunyosi – o‘simliklar dunyosigami yoki hayvonot dunyosiga taalluqli ekanini ham ajratolmas edim.
Ovqat servizi nafis va chiroyli edi. Har bir qoshiq, vilka, taqsimcha, sochiq va hokazolarda quyidagi shior yozilgan edi:
«Harakatchan N harakatchanlikda»
Harakatchan harakatchan muhitda! Bu shior suvosti kemasiga tamomila mos edi. «N» – sirli suvosti kapitani ismining bosh harfi bo‘lsa kerak.
Ned Lend bilan Konsel har xil o‘ylar bilan o‘zlarini qiynamas, ochko‘zlik bilan ovqat yeyishardi, men ham shu zahoti ularga ergashdim.
Endi men taqdirimizdan xotirjam edim. Xo‘jayinlar ochlikdan tinkamizni quritmasligiga imonim komil edi.
Ammo bu dunyoda hamma narsa, hatto СКАЧАТЬ
25
26
27
28
29