Mio, bolajonim Mio. Астрид Линдгрен
Чтение книги онлайн.

Читать онлайн книгу Mio, bolajonim Mio - Астрид Линдгрен страница 1

Название: Mio, bolajonim Mio

Автор: Астрид Линдгрен

Издательство: ZABARJAD MEDIA

Жанр:

Серия:

isbn: 978-9943-7390-1-7

isbn:

СКАЧАТЬ >

      Kun-u tun yo‘lda

      Kimdir o‘tgan yilning o‘n beshinchi oktabrida radio eshitganmi? Balki, yo‘qolgan bolakay haqidagi xabar qulog‘ingizga chalingandir? Yo‘qmi? Xullas, radioda mana bunday e’lon yangragan edi:

      «Stokgolm 1 politsiyasi to‘qqiz yoshli Bu Vilxelm Ulsonni izlamoqda. O‘tgan kuni kechki soat oltida u Uplandsgatan ko‘chasidagi o‘zi istiqomat qiluvchi o‘n uchinchi uydan bedarak ketgan. Bu Vilxelm Ulsonning sochlari mallarang, ko‘zlari ko‘k. O‘sha kuni uning egnida kalta jigarrang shalvar, to‘qilgan kulrang sviter va boshida qizil qalpoqcha bo‘lgan. Qidiruvdagi shaxs haqida biror bir ma’lumotga ega bo‘lsangiz, politsiyaning navbatchi bo‘limiga xabar berishingizni so‘raymiz».

      Ammo Bu Vilxelm Ulson izsiz g‘oyib bo‘ldi. U haqda hech kim politsiyaga xabar bergani ham yo‘q. Bolakayning qayerga ketganligini mendan boshqa hech kim bilmaydi. Sababi – Bu Vilxelm Ulson janobi oliylari aynan menman.

      Bularning barchasi haqida hech bo‘lmasa Benkaga gapirib berishni qanchalik istashimni bilsangiz edi. Ko‘pincha u bilan birga o‘ynardik. Uning to‘liq ismi – Bengt, lekin hamma uni shunchaki Benka deb chaqiradi. Va tushunarliki, meni ham barcha Bu Vilxelm Ulson emas, oddiygina qilib, Busse deb atashadi (aniqrog‘i, ilgari meni Busse, deb chaqirardilar. Yo‘qolganimdan keyin esa ortiq bu ismni eshitganim yo‘q). Faqat Edlya xolam va Siksten amakim menga «Bu Vilxelm», deb murojaat qilishardi. To‘g‘risini aytsam, Siksten amakim men bilan deyarli gaplashmas edi.

      Men Edlya xolam va Siksten amakimning asrandisi edim. Bor-yo‘g‘i bir yoshimda ularnikiga kelib qolgan emishman. Edlya xolam meni yetimxonadan olib kelgan ekan. Umuman, xolam qiz bola asrab olishni istagan ekan-u, biroq munosib qizaloq topilmaganmish. Garchi Edlya xolam va Siksten amakim o‘g‘il bolalarga (ayniqsa, u sakkizto‘qqiz yoshda bo‘lsa) toqat qila olmasalar ham, xolam meni tanlagan. Edlya xolamning aytishicha, men kuni bilan sang‘ib, Tegner bog‘ining barcha kir-changini kechqurun uyga olib kelarmishman, kiyimlarimni duch kelgan yerga uloqtirarmishman, bu ham yetmaganday, bor ovozda kulib, vaysaganim-vaysagan ekan. U doimo meni uyga olib kelgan kuniga la’nat o‘qirdi. Siksten amakim esa mutlaqo men bilan gaplashmasdi, har zamonda jahl bilan o‘shqirganini eshitib turardim: «Hoy, sen, ko‘zimdan yo‘qol, qorangni ham ko‘rmay!»

      Ko‘p vaqtim Benkalarnikida o‘tardi. Otasi u bilan ko‘p suhbatlashar, planer2 lar yasashga yordam berardi. Ba’zida Benkaning bo‘yi qanchalik o‘sganini aniqlash uchun oshxona eshigiga belgi qo‘yardi. Benka istagancha kulishi, baqirishi, kiyimlarini istagan yerga yechib tashlashi mumkin edi. Otasi baribir uni yaxshi ko‘rardi.

      Bolalar ham Benkaning uyiga mehmonga kelib, istagancha o‘ynardilar. Biznikiga esa birovni olib kelish mumkin emasdi. Edlya xolam doim aytardilar: «Bu yer yugur-yugur qiladigan joy emas». Siksten amakim bo‘lsalar, «Bizga bitta shumtakaning o‘zi yetib-ortadi», derdilar.

      Kechalari o‘y surib yotarkanman, ba’zida Benkaning otasi to‘satdan mening otamga aylanib qolishini orzu qilardim. Va shunda bir xayol hech tinchlik bermasdi: haqiqiy otam kim, nega men o‘z ota-onam bilan birga emasman? Nima uchun goh yetimxonada, goh Edlya xolam va Siksten amakimning uyida yashashim kerak? Qachonlardir Edlya xolam tug‘ilishim bilanoq onam vafot etganliklari haqida gapirib bergandilar. «Otang kimligini hech kim bilmaydi. Bir muttaham tovlamachi bo‘lsa kerak-da», qo‘shib qo‘ygandi u.

      Edlya xolamni otam haqida aytgan gaplari tufayli yomon ko‘rib qolgandim. Balki, onam haqiqatan ham men tug‘ilgan chog‘da dunyodan o‘tgandir. Ammo men ishonardimki, otam – firibgar, muttaham emas. Va uni o‘ylab yashirincha yig‘lamagan kunim bo‘lmagan.

      Menga haqiqiy mehribonchilik ko‘rsatgan inson meva-sabzavotlar do‘konida ishlovchi fru3 Lundin edi. U meni mevalar va shirinliklar bilan siylardi.

      Endi esa hammasi o‘tgach, Lundin xola haqida ko‘p o‘ylaydigan bo‘lib qoldim. Kim o‘zi u? Axir o‘tgan yilning oktabridagi voqealar aynan undan boshlangandi-da.

      O‘sha kuni Edlya xolam go‘yo uning barcha baxtsizliklariga men sababchidek, qarg‘andi. Soat oltilar chamasi u meni Drotninggatan ko‘chasida joylashgan novvoyxonaga sevimli qoq nonlarini olib kelish uchun jo‘natdi. Qizil qalpoqchamni kiygancha ko‘chaga yugurdim.

      Meva-sabzavotlar do‘koni yonidan o‘tib ketarkanman, Lundin xolaning eshikka suyanib turganiga ko‘zim tushdi. Iyagimdan tutgancha, menga g‘alati nigoh bilan uzoq tikildi. So‘ng so‘radi:

      – Olma yeysanmi?

      – Rahmat, yo‘q demasdim, – deya javob berdim.

      Va u menga chiroyli, ko‘rinishidan juda mazali olmani uzatdi.

      – Otkritka bersam, pochta qutisiga tashlab keta olasanmi? – so‘radi Lundin xola.

      – Albatta, – javob berdim men.

      U otkritkaga bir necha qator yozib, qo‘limga tutqazdi.

      – Xayr, Bu Vilxelm Ulson, – dedi Lundin xola. – Alvido, alvido, Bu Vilxelm Ulson.

      Uning so‘zlari biram g‘alati eshitildiki, axir u meni doim Busse deb chaqirardi-da.

      Pochta qutisigacha yana bir mavzedan o‘tish kerak edi. Otkritkani ochganimda esa u xuddi olovli harflarda yozilgan kabi yonib turardi. Lundin xola yozgan harflar, chiroqli reklamada bo‘lganidek, chaqnab turar, unda quyidagi so‘zlar yozilgandi:

      «Uzoq Mamlakat qiroliga.

      Sen uzoq vaqtdan beri izlayotgan inson yo‘lda.

      Tun-u kun yo‘lda. Qo‘llarida esa sehrli belgi – oltin olma bor».

      Hech bir so‘zni tushunmadim. Lekin sovuq yuzimni chimchilardi. Shoshilgancha otkritkani qutiga tashladim.

      Tun-u kun yo‘ldagi inson kim bo‘lishi mumkin, qiziq? Oltin olma kimning qo‘lida?

      To‘satdan ko‘zim Lundin xola bergan olmaga tushdi. U oltinga aylanib qolibdi.

      Endi tushundim: qo‘llarimda chiroyli oltin olmani ushlab turibman.

      O‘zimni dahshatli darajada yolg‘iz sezdim. Yig‘lab yuborishimga oz qoldi. Yuraverdim va Tegner bog‘idagi o‘rindiqlardan biriga borib o‘tirdim. Atrofda hech zog‘ ko‘rinmasdi. Aftidan, hamma kechki ovqatga ketgan ko‘rinadi. Qorong‘i tushib, yomg‘ir sevalay boshladi. Bog‘ atrofidagi uylarda chiroqlar nur sochardi. Benkaning uyida ham. Hozir u uyida ota-onasi bilan quymoq va no‘xat yeyayotgan bo‘lsa kerak. Umuman, chiroq yongan har bir uyda bolalar o‘z ota-onalari bilan birga o‘tirishgandir? Faqatgina men qorong‘ilik ichra yolg‘izman. Bir o‘zimman. Qo‘limda esa oltin olma. Uni nima qilishni ham bilmayman. Qarshimda ko‘cha fonusi, undan men va qo‘limdagi olmaga nur tushib turardi. Tuyqus, fonus nurida yerda bir narsa yaltiradi. Oddiygina bo‘m-bo‘sh pivo shishasi ekan. Kimdir og‘ziga yog‘och bo‘lagini tiqib ketibdi. Bog‘da o‘ynagan bolalardan birortasi bo‘lsa kerak.

      Shishani oldim-da, yorlig‘ini o‘qiy boshladim: «Pivopazlik aksionerlik jamiyati. Stokgolm, ikkinchi nav». Kutilmaganda, shisha ichida kimdir g‘imirlab yurayotganiga ko‘zim tushib qoldi.

      Bir kuni kutubxonadan «Ming bir kecha» kitobini olgandim. Unda shisha ichidagi ruh haqida hikoya qilingandi. Ammo u uzoq Arabistonda, ming yillar ilgari bo‘lgan-ku. Tegner bog‘idagi oddiy pivo shishasi – umuman boshqa masala. Balki shishalarda Stokgolm pivoxonalarining ruhlari joylashib olar! Har holda, shisha ichida kimdir bor edi. Chin so‘zim, u yerda ruh o‘tirardi! Va u tashqariga chiqishga shoshilmasdi. U shishaga tiqilgan yog‘och bo‘lagiga ishora qilgancha, menga yalingannamo qarab turardi. Men ruhlar bilan qanday muomala qilishni bilmasdim СКАЧАТЬ



<p>1</p>

Stokgolm – Shvetsiya poytaxti.

<p>2</p>

Planer – motorsiz, uchuvchi apparat.

<p>3</p>

Fru – shved tilida «xonim» ma’nosida ishlatiladi.