Қайлардасан, болалигим. Худойберди Тухтабоев
Чтение книги онлайн.

Читать онлайн книгу Қайлардасан, болалигим - Худойберди Тухтабоев страница 6

Название: Қайлардасан, болалигим

Автор: Худойберди Тухтабоев

Издательство: Kitobxon

Жанр:

Серия:

isbn: 978-9943--20-247-4

isbn:

СКАЧАТЬ shoshilib chiqib, mashinani o‘t oldirdi. U olis yo‘llarga yurganda g‘ing‘illab so‘zsiz kuylab borar, mashinaning tezligi oshgan sari kuy ham o‘z-o‘zidan avjiga chiqib borar edi. Bugun ham shunday bo‘ldi.

      Davronboy bilan Omonboylar esa hech narsadan xabarsiz, dunyoning hamma tashvishlarini: dadalarining oldidan qaytib kelib, o‘g‘illarini o‘rnidan topolmay, sochini yulib, bo‘zlab yurgan oyijonlarini ham, Mahmud olako‘z-u katakdagi tovuqlar, hovlidagi echkilargacha – hamma-hammasini unutib, pishillab uxlab borishardi.

      Davronboyning uyqusi qattiq, oyog‘idan sudrab, boshidan suv quysangiz ham, to uyquga to‘ymaguncha baribir uyg‘onmaydi.

      Omonboyning bo‘lsa, uyqusi sal sergakroq edi. Hozir ham birinchi bo‘lib Omonboy uyg‘onib ketdi. Uyg‘ondi-yu, quvur ichidagi zimiston qorong‘ilikdan, har xil vahimali ovozlardan qo‘rqib:

      – Oyijon! – deya qichqirib yubordi.

      Oyijoni uzoq-uzoqlarda qolib ketgandi, shuning uchun ham hech qanday javob qaytmadi. Akasi shundoqqina yonginasida yotganini ko‘rib:

      – Akajon, men qo‘rqib ketyapman, – deya uni turtkilay boshladi.

      Akasi ham javob qaytarmadi. Omonboy qorong‘ida paypaslanib, bir amallab Davronboyning quloqlarini topib, bor kuchi bilan cho‘zg‘ilay boshladi. Davronboy xuddi shu paytda tush ko‘rib yotgandi, tushida Mahmudning tumshug‘igacha jun bosib ketgan kuchugi uni zirillatib quvib yurgandi. Bir tomondan qo‘rquv, bir tomondan qulog‘ining og‘rishi, ikkovi bir bo‘lib Davronboyni uyg‘otib yubordi.

      Uyqusirab:

      – Tentak, nega qulog‘imdan tortasan! – deb ukasining chakkasiga bir tushirdi. Tushirdi-yu, to‘satdan quvur ichida yotganlari, bu quvurga ukasini o‘zi aldab olib kelgani esiga tushib: «Kechir, bilmay qoldim», – deb yig‘lab turgan Omonboyni bag‘riga bosib oldi.

      – Yo‘qol! – itarib tashladi ukasi. – O‘zim qo‘rqib ketyapman-u, tag‘in uradi-ya!

      – Ukajon, ke, senam meni bir urib ola qol. Mana lunjimni shishirib turaman, yumshoqqina, maza qilasan!

      – Kerakmas!

      – Jon uka, yig‘lamagin.

      – Yig‘lamay desam ham yig‘lagim kelyapti… Uyimizga kirib ketaman.

      – Voy tentak, mashina yurib ketyapti-ku!

      – Oyijon!!!

      – Yig‘lama, men ham yig‘lab yuboraman, – shunday deb Davronboy ukasini bag‘riga bosib, o‘ziga tortdi.

      Boshini, yuzlarini do‘mboq qo‘lchalari bilan yumshoq-yumshoq silab yupata boshladi.

      Mashina g‘uvillab ketib boryapti.

      Quvurning ichidan har xil vahimali ovozlar eshitildi. Bir yo‘la yuztami, mingtami alvasti kirib olgandek juda vahimali, juda qo‘rqinchli bo‘lib qoldi. Quvurning ochiq tomonidan shamol hushtak chalyapti, har zamonda bir-birini quvlab o‘tgan mashinalarning chiroqlari pov etib yonib, quvurni yarmigacha yoritadi, yana hammayoq zimiston bo‘lib qoladi.

      – Uka, biz botirmiz-a, hech narsadan qo‘rqmaymiz-a? – Omonboyga dalda bera boshladi akasi.

      – Baribir men qo‘rqaveraman, – vahima ichida shivirladi ukasi, – oyimni sog‘inib ketyapman… Mashinani to‘xtat, tushaman…

      Mashinani to‘xtatish zarurligini Davronboy ham tushunib turibdi-ya, lekin qanday to‘xtatishini bilmay boshi garang. Chaqirgani bilan baribir shofyor amaki eshitmaydi-ku… Bordi-yu, quvurning narigi boshiga, kabinaga tiralib ketayotgan tomonga borib, bor kuchlari bilan taqillatishsa-chi?

      – Uka, – sekin shivirladi Davronboy, – yur, emaklab borib amakini chaqiramiz.

      – Baribir eshitmaydi.

      – Eshitadi, yur, jon uka, polvon ukam…

      Aka-uka ketma-ket emaklashib, quvurning kabinaga qadalgan tomoniga qarab ketishdi. Quvurning bu tomoni haddan tashqari qorong‘i bo‘lgani uchun yana ham vahimaliroq tuyula boshladi. Omonboy hecham yurmayman, deb yotib olgan edi, shu paytda negadir ukasiga mehribon bo‘lib qolgan Davronboy:

      – Ke, meni ot qilib minib, bo‘ynimdan mahkam quchoqlab ol, – deb uni mindirib oldi. Keyin ko‘zlarini chirt yumib, kabina tomonga «to‘rt oyoqlab» yurib ketdi. Kabinaga yetishgach, aka-uka baravariga:

      – Amaki!!! – deb qichqira boshlashdi.

      Javob qaytmadi.

      – Amaki!!!

      Yana javob qaytmadi.

      Bordi-yu, kabinada amaki yo‘q bo‘lsa-chi? Bitta-yarimtasi mashinani yurgizib yuborgan bo‘lsa-chi? Ulkan mashina noma’lum tomonga olib qochib ketayotgan bo‘lsa-ya!

      – Akajon, meni mahkamroq quchoqlang, – negadir sizlab gapira boshladi Omonboy. – Aka, quvurning ichida bo‘rilar bo‘lmaydi-a?

      – Bu yerda bo‘rilar bo‘lmaydi.

      – Bo‘rilar kelsa, otib tashlaymiz, xo‘pmi?

      – Xo‘p.

      – Tankimiz bilan bostirib ketamiz, xo‘pmi?

      – Xo‘p.

      – Aka, keling, amakini yana chaqiraylik. Tomoqlari qirilib, bo‘yin tomirlari tortilib qolguncha chaqirishdi, baribir amakidan javob bo‘lmadi. Umidsizlik, vahima yana ham kuchayib ketdi. Ikkovlari bir-birining pinjiga kirib, bir-birlarini achomlab, sovqotgan badanlarini bir-birlarining harorati bilan ilitib borishardi.

      – Amakiga endi hecham tuxum bermaymiz, – dedi xo‘rligi oshib Omonboy.

      – Chelagida suv ham bermaymiz, – qo‘shib qo‘ydi Davronboy.

      Shunday qilib, novcha amakini bir yo‘la hamma narsadan mahrum qilishga qaror qilishdi. Omonboy akasini ot qilib minib bo‘ynidan achomladi. Davronboy «to‘rt oyoqlab» borib, dadalarining eski to‘nini quvurning o‘rtarog‘iga surib keldi. Ikkovlari o‘ralib olishdi. Sovuqdanmi, qo‘rquvdanmi, tishlari takillardi. Serpaxta to‘nga o‘ralgach, badanlariga harorat yugurib, aka-ukani birdan uyqu elita boshladi.

      – Aka, biz hech narsadan qo‘rqayotganimiz yo‘g‘-a? – uyqusirab so‘radi Omonboy.

      – Biz hecham qo‘rqmaymiz, – javob qaytardi Davronboy.

      – Biz katta bo‘lib qolganmiz-a?

      – Bo‘lmasam-chi!

      – Aka, menga tuxumning kattasini berasiz, xo‘pmi?

      – Senga-chi, uka, rasm qalamimni, shildiroqlarimni, cho‘yan soqqamni beraman, xo‘pmi, ukajon?

      Ukajoni javob qaytarmadi, nega desangiz, allaqachon uning ko‘zlari yumilib bo‘lgan edi. Davronboy ham keltirib bir esnadi-yu, boshini bir tomonga qiyshaytirib, asta uyquga keta boshladi.

      Ulkan mashina bo‘lsa bepoyon cho‘l bag‘rida chiroqlarining o‘tkir nurlari bilan qorong‘i tun bag‘rini xanjardek tilib, o‘kirib, pishqirib, СКАЧАТЬ