Название: Боболару момолар айтган эртаклар
Автор: Худойберди Тухтабоев
Издательство: Kitobxon
isbn: 978-9943-08-960-0
isbn:
SO‘ZBOSHI O‘RNIDA
Har bir xalq o‘zining buyuk o‘tmishi, bebaho qadriyatlari bilan faxrlanadi. Ularni saqlash, yanada boyitish va kelgusi avlodga o‘tkazish uchun o‘zini mas’uliyatli deb biladi, shuning uchun ham milliy qadriyatlar avloddan-avlodga o‘tib millatning ulug‘ligini, buyukligini o‘zida saqlab boraveradi. Rangbarang, sermazmun qadriyatlarimiz orasida ertaklar, rivoyatlar, afsonalar ayniqsa qadrlidir, bebahodir. Ertaklarda qahramonlik, fidoyilik, mehnatsevarlik, kamtarlik, olijanoblik, sevgi-muhabbat, do‘stlik, vafodorlik singari go‘zal fazilatlar ulug‘lanadi. Xuddi shu ma’noda ertaklarimiz yosh avlod tarbiyasida, buyuk, bebaho vositalardan biri bo‘lib keldi. «Uch og‘ayni botirlar», «Yoriltosh», «Qilich botirlar» necha-necha yillar davomida, avloddan-avlodga o‘tib, mardlikni, jasoratni, olijanoblikni ulug‘lab, kuylab kelganini bilamiz. «Qutadg‘u bilik», «Hayratul abror», «Qush tili» singari buyuk asarlarda ham ertaklarga, rivoyatlarga alohida e’tibor berilganligini darsliklardan o‘qiganmiz.
Millatning buyukligi uning soni bilan emas, milliy qadriyatlarning boyligi, ko‘pligi bilan o‘lchanadi, deydilar. Ertaklar, rivoyatlar, afsona va hikmatlar ma’nosida o‘zbek xalqi dunyoda eng boy xalq hisoblanadi.
Afsuski so‘nggi yillarda taraqqiyotni tezlashtiruvchi – televizor, kompyuter, internet tarmoqlari kuchaydi. Ertak aytuvchilarni, eshituvchilarni ko‘proq o‘ziga tortib olayapti. Ertak aytuvchi bobolar, hikoyatlar aytuvchi buvilar bebaho ertaklarni, serma’no hikmatlarini kimga aytishni bilmay qarib qolayaptilar, dunyodan o‘tib borayaptilar. Chuqurroq o‘ylab qarasak, millatni millat qilib turgan qadriyatlar ham dunyodan o‘tib borayotganga o‘xshaydi.
Hurmatli yurtboshimiz ushbu millat, qadriyatlar barchamizniki, yoshlar tarixiy o‘tmish qadriyatlarini yaxshi bilmasalar buyuklikka erishish qiyin bo‘ladi, deb alohida ta’kidlaydilar.
Qiziq bir misol keltirmoqchiman. Latviya, Litva, Estoniya mamlakatlarida bo‘lganimda maktablarga borib o‘quvchi bolalar yiqqan tom-tom ertaklarni ko‘rdim. Har bir o‘quvchi maktabni bitirayotganda bobolari va buvilaridan kamida 50 ta ertak yozib olib qoldirib ketishi kerak ekan. Bo‘lmasa shahodatnoma ololmas ekanlar. Abxaziyaning Sxaltuba shahridagi bir maktab o‘quvchilari ham 1936-yildan buyon ertak yig‘ishar ekan. Abxaz millatidan biron kishi tasodif bo‘lib Shimoliy Muz okeaniga tushib qolguday bo‘lsa, u ertak biladi deb eshitishga, samolyot kira qilib, Shimoliy Muz okeaniga borib, o‘sha ertakni yozib olib kelisharkan. Maktabda uch yuz tomdan ortiq ertak yig‘ilgan, shu ertaklarni to‘plab, har yili 8-10 ta kitob ham chiqarib turilar ekan.
Biz esa uyimizda yashab turgan bobomiz, buvimiz bilgan hikmatlarga ham beparvomiz, demak, qadriyatlarni saqlash ma’nosida kelajak oldida aybdor bo‘lib qolayotgandekmiz. 9800 ta o‘rta ta’lim maktabi, 1400 dan ortiq akademik litsey, kasb-hunar kollejlari bor, agar shularda ta’lim olayotgan o‘quvchi yoshlar o‘zlarini qadriyatlarni saqlash bo‘yicha mas’uliyatli deb bilsalar, agar har biri kamida bitta yoki ikkita ertak yozib kerakli joyga bersalar, o‘n minglab nodir ertaklarni, go‘zal afsonalarni va rivoyatlarni yo‘q bo‘lishidan saqlab qolgan bo‘ladilar. Shu fikrdan kelib chiqib o‘quvchilar, muallimlar, otaonalar, bobo-buvijonlar hamkorligida qadriyatlarni yig‘ish, to‘plaganlaridan vaqti-vaqti bilan alohida kitoblar ham nashr qilishga maslahat qildik.
O‘z millatini sevgan, milliy qadriyatlarini ulug‘layman, degan har bir inson ushbu ezgu niyatga beparvo bo‘lmaydi, degan umiddamiz.
HAYOT SHIRINLIGI
Bir kishi ajdarni tuzog‘iga tushirish uchun ortidan quvibdi. Haligi inson ajdarhoning changalidan qochish uchun jon holatda yuguribdi. Yugura-yugura bir jarning oldiga kelib qolibdi. Pastga tushish uchun egilib qarasa, jarlikning tubi ilon-u chayonlarga to‘la ekan. Ortga qaytay desa ajdarho, pastga tushay desa pastda ilon-u chayonlar. Shunda jarlikning yoqasida ulkan bir daraxtni ko‘rib qolibdi. Daraxtning yarim tomiri jarlikning tepasida, yarmi esa jarlikda joylashgan ekan. Pastlikda joylashgan tomirning g‘ovakroq qismi bor ekan. O‘sha kishi tomirdan g‘ovak joyga tushib, daraxt tomirlaridan mahkam ushlab olibdi. Shu payt qo‘liga bir narsa tomibdi. Yalab ko‘rsa asal ekan, tepaga qarasa, daraxt shoxida asalari ini bo‘lib undan asal tomayotgan ekan. Asalni yeb yigit ajdarhodan qutulib qolibdi.
Kishining orqasidan quvgan ajdar – ajal, inson qayerda bo‘lmasin, qay mansabga erishmasin ajal doim u bilan izma-iz va yonma-yon yuradi. Jarlik ichidagi ilon-u chayonlar qilgan gunohlarimiz jazosi, ya’ni shaytonlar. Jar yoqasidagi daraxtdan tomayotgan asal hayotni bildiradi. Qanchalik qiyinchilikka uchramaylik, hayot asal singari shirin tuyulaveradi va yashashga umidimiz ortaveradi.
Aytuvchi: Sh.Nurmatova, 57 yosh, G‘allaorol tumani.
Yozib oluvchi: I.Nurmatov, 8-sinf o‘quvchisi.
«BOTIR» QUYON
Shoshib ketardi quyon, ayiq polvon to‘yiga,
Qorong‘u tushmasdan qaytish kerak uyiga.
Birdan so‘qmoqda yotgan sherga tushdi-yu ko‘zi,
Juftakni rostlamoqchi bo‘ldi, qo‘rqqandan o‘zi.
Ikkilanib quyonvoy tezlikda ishlatdi bosh
Chunki hayvonlar shohi yotardi juda yuvosh.
Asta ehtiyot bo‘lib, o‘tmoq bo‘ldi yonidan
Axir bizning quyonvoy to‘ymagandi jonidan.
Boshqa yo‘qdir iloji, o‘tmoq kerak amallab,
So‘qmoqni-chi, butunlay yotardi sher egallab.
– Hoy, sher aka, sher aka, – dedi quyonvoy asta,
– Maylimi, ustingizdan sakrab o‘tsam ohista?
– Sakrayver, – dedi sher ham horg‘in ovozda asta.
– Nega bunday yotibsiz? – so‘radi quyon pastda.
– Oyoqlarim, – dedi sher – qopqonga tushib qoldi.
Mardona sakrar ekan quyon sher ustiga,
Biqiniga bir tepib, dedi bosti-bostiga:
– Esli hayvon bo‘lsang, men senga teng bo‘laymi?
Oyoqlarim ostida yotganingga o‘laymi?!
Xulosa:
Amalda bo‘lsang, xushomadgo‘y quyondir,
Amal ketgach, ahvoling yomondir.
Aytuvchi: Y.Nasriddinov, 61 yosh.
Yozib oluvchi: Oysara Yusupova, 7-sinf o‘quvchisi.
YOMON XOTIN VA AJDAR
Bir bor ekan, bir yo‘q ekan. Qadim zamonda bir odamning xotini yomon bo‘lib, u erini doim kamsitar ekan. Chol bezor bo‘lib uni cho‘ldagi bir quduqqa tashlab yuboribdi. Chol uch kundan keyin quduqning oldiga kelib arqon tashlabdi. Shu payt arqondan ajdar chiqib kelayotgan emish, buni ko‘rgan chol arqonni kesmoqchi bo‘lib turganda Xudoning qudrati bilan ajdar tilga kiribdi va cholga:
– Iltimos, kesma, – debdi. Chol uni chiqarib olgandan keyin ajdardan so‘rabdi:
– Nima bo‘ldi? Ajdar debdi:
– Men shu quduqda qirq yildan beri tinch-totuv yashab kelayotgandim, ammo uch kun avval bir yomon ayol kelib meni o‘limimga rozi qildi.
Oradan besh yil o‘tib, o‘sha davlatda ajdar katta bir g‘orga joylashib, oldiga yaqinlashgan odamni domiga tortib yuboraveribdi. Shu davlat shohi farmon beribdi:
– Kimda-kim shu ajdarni o‘ldirsa yoki quvib yuborsa, yarim davlatimni va qizimni beraman, – debdi. Chol o‘sha g‘orning oldiga СКАЧАТЬ