Название: Заҳарли газандалар
Автор: Я. Давлатов
Издательство: Kitobxon
isbn: 978-9943-4113-6-4
isbn:
Qora qoraqurt ham, oq qoraqurt ham bitta ajdoddan tarqalgan. Shundayki evolyutsiya jarayonida bu o‘rgimchaklarning ayrimlari o‘simlik ildizlari ostiga, yoriq va kovak joylarga joylashib olgan, lekin bu joylarda ko‘zga tashlanmaslik uchun qora tusga kirish zarur bo‘lgan. Qora qoraqurtlar shu zayilda tarqalgan bo‘lishi mumkin. Boshqa jinsdoshlari esa butalarning uchiga chiqib olishgan. Ular orasidagi qora o‘rgimchaklar kushandalar nazariga tushib, qirilib ketgan, boshqalari esa sharoitga moslashib, ko‘zga tashlanmslik uchun oq tusga kirgan, boshqacha aytganda, darvincha tabiiy tanlanish yuz bergan.
Bunday evolyutsion o‘ziga xoslik faqatgina qoraqurtlar olamigagina xos emas. O‘zbekistonda qoraqurtning yana ikkita turi uchraydi, neger deb ataluvchi qora turi yoriq va kovaklarda hayot kechiradi, uning yaqin qarindoshi lineatus o‘rgimchagi esa oppoq bo‘lib, buta uchlariga va pastroq daraxtlarga uya qurib yashaydi.
Janubiy rus tarantuli (Lycosa singoriensis). Yirik o‘rgimchak, bo‘yi 35 mm gacha, tanasi jun tolalar bilan qalin qoplangan. Rangi to‘q jigarrangdan deyarli qora ranggacha. Odatda yashab turgan joy tuprog‘ini rangida bo‘ladi. Cho‘l va o‘rmon cho‘llarda tarqalgan. Yels va Qozon shaharlari kengligida uchraydi. Tuproqdagi chuqur inlarda yashaydi. Tunda ovga chiqadi, kunduz kunlari inida yotadi. Xeliseri bilan odamni tishlaganda shish paydo bo‘ladi va ancha joyga tarqaladi, og‘riq bir kechayu kunduz davom etadi, bemor o‘zini og‘ir xis qiladi, uyquga tortadi, sovuq qotadi, yurak tez uradi va ter bosadi. Zahar tarkibida toksik polipeptidlar va fermentlar gialuronidaza, proteazalar arginin efirlarining esterazalari mavjud. Shuningdek, tarantul zahari tarkibida spirmin, spermidin, putressin, kadaverin kabilar topilgan.
Barcha hayvonlarga zahari salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Bo‘g‘imoyoqlilarni falanj qilib qo‘yadi, sutemizuvchilarning ichki a’zolarida gemorragiya va nekroz alomatlari kuzatiladi. Sichqonlar uchun LD50 15 mg/ kg, zahar tarkibidagi toksin M-11,780, 104 aminokislota qoldig‘idan tashkil topgan, beshta disulfid bog‘lar bilan barqarorlashgan. Ana shu toksin silliq muskullarga ta’sir etib ularni qisqartiradi.
Butli o‘rgimchak (Araneus diadematus). Yirik o‘rgimchak urg‘ochisi 25 mm gacha, orqa tomoni qizg‘ish, och qizil yoki jigarrang tusda bo‘ladi, yelkasida but shaklida aniq oq dog‘lari bor. Uzoq shimolgacha keng tarqalgan. Daraxt, butalarda hayot kechiradi, inida g‘ildiraksimon to‘r to‘qiydi.
Odamni chaqqan joyida qattiq og‘riq boshlanadi, teri ostiga qon quyuladi, bosh og‘riydi, bo‘g‘inlarda og‘riq paydo bo‘ladi. Uning zahridan odamlarning halok bo‘lganligi haqida ishonchli ma’lumotlar yo‘q.
Zaharining tarkibida issiqqa chidamsiz gemolizin mavjud, u quyon, kalamush, sichqon va odam qonidagi eritrotsitlarga ta’sir etadi, dengiz cho‘chqasi ot, qo‘y va itlarning eritrotsitlariga ta’sir etmaydi. Zaharning issiqqa chidamli komponenti – neyrotoksin umurtqali va umurtqasiz hayvonlarning sinaptik signallarini bo‘g‘ib qo‘yadi. Umurtqalilar sinapslariga zahar qaytishli ta’sir etsa, umurtqasizlarga, aksincha, qaytmaydigan ta’sir ko‘rsatadi. Bu toksinning molekula og‘irligi M-1000 ga barobar.
Argiopa (Argiope lobata). O‘rtacha kattalikdagi o‘rgimchak, urg‘ochisining bo‘yi 13-15 mm, qorni oqish rangda, qorin chekkalarida oltita qoramtir chuqurchalar mavjud. To‘rdan to‘qilgan ini g‘ildirak shaklida bo‘ladi. Kavkaz, Qozog‘iston, O‘rta Osiyo cho‘l va sahrolarida tarqalgan.
Zahari umurtqali va umurtqasiz hayvonlarni falaj qilib qo‘yadi. Umurtqasizlarning glutamatergik sinapslariga qaraganda umurtqalilarning xolinergik senapslari mazkur zahardan taxminan 30 karra kamroq ta’sirlanadi. Zahar tarkibida yuqori molekulali komponent bo‘lib, u presenaptik ta’sir ko‘rsatadi. Kichik molekulali komponent – argeopin postsenaptik ta’sirni bo‘g‘ib qo‘yadi. Argeopin uchun: M-636.
Erezus (Eresus niger). O‘rtacha hajmdagi (9-16 mm) o‘rgimchak urg‘ochisini qorni qoramtir rangda, erkagini ust tomoni qizg‘ishqo‘ng‘ir bo‘lib, to‘rtta qora dog‘i bor. O‘rta Osiyoda tarqalgan, yerda uya qurib toshlar orasida yashaydi. Yemishi asosan qo‘ng‘izlardan iborat. Ko‘p tarqalgan joylarda 100 m2 ga 3–4 ta o‘rgimchak to‘g‘ri keladi.
Odamni tishlaganda kuchli og‘riq paydo bo‘ladi, chaqqanida uning xeliseri terining ostiga kirib ketadi va yirik tomchilar shaklida zahar oqib tushadi. Tishlagan joyida qattiq og‘riq paydo bo‘ladi va tezgina karaxt bo‘lishga o‘tadi. Harakat qilishda qiyinchiliklar kuzatiladi hamda 2-3 kungacha o‘rgimchakning tishlagan joyida og‘riq davom etadi. Zahari amaliyotda o‘rganilmagan.
Yerto‘la o‘rgimchak (Segestria florentina). Rangi sarg‘ish-jigarrang yoki och jigarrang, qora dog‘lari bor. Asosan Qrimda, Kavkazda tarqalgan. Toshlar orasida, daraxt tanalarida yashaydi. Tunda va kunduz kuni faol, o‘ljasini ushlaganda sakrab tashlanadi va tezgina uyasiga bekinadi. Hayvonlarni tishlaganda spazma tomir tortish, shol bo‘lish kabilar kuzatiladi, so‘ng jonivor halok bo‘ladi. 20 g vazndagi sichqonni tishlaganda 3-30 daqiqa ichida u o‘ladi.
Zahardan neyrotoksin ajratib olingan M-5800, tarkibida to‘rtta sistein qoldig‘i va N uchida arginin aminokislotasi bor. Baqaning nervmuskul preparatiga o‘rgimchak zahari qo‘shilsa, ichki sabablarga ko‘ra muskullarni qisqarishi kuzatiladi. Umurtqasizlar ustida olib borilgan tajribalarda ham qorin-nerv tugunchalarining ichki sabablarga ko‘ra faolligi kuchayganligini ko‘ramiz. Toza zahar va neyrotoksin asab va muskul membranalarini qo‘zg‘atadi.
2.4. KO‘POYOQLILAR (MYRIAPODA) SINFI
Ikkijuftoyoqlilar va laboyoqlilar mazkur sinfning zaharli vakillari hisoblanadi. Barcha ko‘poyoqlilar odam ko‘ziga ko‘rinmay hayot kechiradi. Kunduz kunlari har xil narsalar ostida yorig‘dan bekinib yotadida, tunda faol bo‘ladi. Juda keng tarqalgan bo‘lib, tundradan tashqari barcha joylarda uchraydi. Laboyoqlilarning zaharli a’zosi oyoq jag‘lar shaklida bo‘lib, har bir oyoq jag‘ oltita bo‘g‘imdan iborat. Eng oxirgi bo‘g‘ini uchlik tirnoq shaklida ichkariga qayrilgan. Uning yuzasida uzunchoq ariqchalar mavjud. Ana shu bo‘g‘in ichida zaharli bezning ingichka kanali joylashgan. Shu kanal tirnoqsimon bo‘g‘inning oxirida kichkinagina teshik bilan ochiladi. Zaharli bez oq qopchiqchalar shaklida, alveolalardan tuzilgan. Zaharni olishda elektrostimulyatsiya yoki gomogenatni ekstratsiya qilish usulidan foydalaniladi.
Halqali skolopendralarning chaqishi ancha og‘riq bilan boshlanadi. Tishlagan joyda achituvchi og‘riq paydo bo‘ladi, shishadi, sovuq qotish kabi alomatlar paydo bo‘ladi. Odatda bir necha kundan so‘ng bemor o‘z holiga qaytadi.
Zahar tarkibida asetilxolin, gistamin, serotonin, gialorunidaza, xolinesteraza, kininaza kabilar mavjud. Zahari barcha umurtqasiz va umurtqali hayvonlarga ta’sir etadi. Sichqonlar uchun LD50 22,5 mg/kg. O‘rta Osiyoda yashaydigan skolopendra zahri esa 300 mg/kg. Zaharlangan hayvonlarda harakatsizlik, depressiya, solivatsiya (ko‘z qorachig‘ining torayishi), barcha muskullarning tortilishi kuzatiladi. nafas olish qiyinlashadi, natijada hayvon halok bo‘ladi. Umurtqasizlar ham uning zaharidan kuchli ta’sirlanadi. Chigirtka, qo‘ng‘iz, kanalar va o‘rgimchaksimonlar tabiiy sharoitda chaqqanida tez halok bo‘ladi. Ana shu ko‘p oyoqli zaharini suvaraklarga ukol qilganda (0–100 mkg/250 mg) uning harakat muvozanati buziladi. Oyoqlari yaxshi ishlamaydi. Natijada shol bo‘lish alomatlari kuzatiladi.
2.5. HASHAROTLAR (INSECTA) SINFI
Hasharotlarning fanga ma’lum bo‘lgan turlari barcha o‘simlik va hayvon turlari miqdoridan ancha ko‘p bo‘lib, 1 million 300 mingdan ham ortadi. Bu ko‘rsatkich kun sayin, hatto soat sayin ko‘payib bormoqda. Hasharotlarning ba’zi bir turkumlariga kelsak: qo‘ng‘izlar СКАЧАТЬ