Қор одам. Ганс Христиан Андерсен
Чтение книги онлайн.

Читать онлайн книгу Қор одам - Ганс Христиан Андерсен страница 20

Название: Қор одам

Автор: Ганс Христиан Андерсен

Издательство: Kitobxon

Жанр:

Серия:

isbn: 978-9943-08-854-2

isbn:

СКАЧАТЬ silkinadi, unadi, barg yozadi, uning shirasi qoning bilan aralashib ketadi, ana o‘shanda hammasi tamom. Bu – o‘ta dahshatli fikrlar! Biroq, kishi yarim uyquda yurganda buni payqamaydi, bu fikrlar miyada noaniq kezib yuradi. Anne Lisbet ham ana shunday yarim uyquda yurar edi. Fikrlar esa o‘z navbatida uning vujudida keza boshlabdi! U holatdan bu holatga o‘tgunga qadar kishi qalbi ko‘p narsalarni hisob daftariga yozib qo‘yarkan; uning har bir sahifasida kishi ruhining bir yillik hisobi jamuljam qilingan bo‘larkan. Bu sahifaga hamma narsa, hatto biz unutib yuborgan narsalar ham kirarmish, gunohdan iborat bo‘lgan barcha so‘z va o‘ylarimiz, hatto xudo va odamlar hamda o‘z vijdonimiz oldidagi gunohlarimiz o‘z aksini topgan bo‘lar ekan!

      Anne Lisbet singari biz ham bular haqida o‘ylamaymiz. U davlat qonunlariga zid jinoyat qilgani yo‘q, muhtaram ayol sifatida nom chiqardi, hamma uni hurmat qilardi, yana nimani o‘ylasin?

      U sohil bo‘ylab tinchgina keta turib birdan to‘xtab qolibdi; yo‘lda yotgan nima o‘zi?! Sohilga chiqarib tashlangani-chi? Qarasa, erkak kishining bosh kiyimimish. Bu yerda nima qilib yotibdi ekan? Kemadan tushib qolgani aniq. Anne Lisbet yaqinroq kelib qarabdi. Oh, bu nima o‘zi? U qo‘rquvdan titrab ketibdi, biroq qo‘rqishga arzigulik hech narsa yo‘q emish: qarshisida suv o‘tlari bilan qoplangan uzunchoq tosh yotgan ekan, dastlabki qarashda u qumda cho‘zilib yotgan odamga o‘xsharmish. Endi bo‘lsa u toshni ham, suv o‘tini ham aniq ko‘ribdi, biroq hamon qo‘rqaveribdi. U yana yo‘lida davom etibdi, bolaligida eshitib yurgan dafn qilinmaganlar arvohi haqidagi rivoyatni xotirlabdi. G‘arq bo‘lgan kishining o‘zi hech qimga yomonlik qilmasa-da, uning arvohi yakka yo‘lovchini ta’qib qilarkan, uning etagiga tarmashib, xristianchasiga dafn qilishini so‘rarkan. «Tarmash! Tarmash!» – deb qichqirar ekan arvoh. Shunda u ko‘rgan tushini eslabdi, etagidan mahkam ushlab olgan onalarning «Tarmashinglar! Tarmashinglar!» degan qichqirig‘i aniq eshitilganday bo‘libdi. U tushini: qiyomat kuni dunyoning ostin-ustun bo‘lganini, yordamga kelgan o‘g‘lining qo‘lidan yengi uzilib tushib ketganini xotirlabdi. Umrida xayoliga ham keltirmagan, hech qachon sevmagan o‘z o‘g‘li hozir dengiz tubida yotibdi. U hozir g‘arq bo‘lganlar arvohi sifatida paydo bo‘lishi, «Tarmashaver! Tarmashaver! Meni xristianchasiga dafn qil!» deb baqirishi mumkin. Bu fikrlardan yuragi «shuv» etib ketibdi, qadamini tezlatibdi. Birov uni sovuq ho‘l qo‘li bilan ezganday dahshat uning qalbini ezg‘ilay boshlabdi. Esi og‘ishiga sal qolibdi.

      Shu orada dengiz ustidagi tuman quyuqlashib boribdi; sohildagi butun daraxt va butalar ham tuman bilan o‘ralib g‘alati, dahshatli tusga kiribdi. Anne Lisbet oyga qarabdi. Uning ko‘rinishi naqadar sovuq va nursiz emish. Allaqanday dahshatli bir og‘irlik bosib, u qo‘zg‘alolmay qolibdi. Xayoliga yana, «Tarmashaver! Tarmashaver!» – degan fikr kelibdi. U yana oyga boqibdi, nazarida oyning kumush nuri unga yaqinlashganday, yuziga tik qaraganday bo‘libdi, tuman esa yelkalarida kafanday ilashib turganmish. U «Tarmashaver, tarmashaver! Meni dafn et!» – degan nido yana eshitilarmikan deb, quloq solibdi. Chindan ham allaqanday bo‘g‘iq, ayanchli nola quloqqa chalinibdi… Bu – ko‘lmakdagi baqaning vaqillashi ham, qarg‘aning qag‘illashi ham emas ekan, chunki tevarak-atrofda bunaqa joy ko‘rinmas ekan. Nihoyat, «Meni dafn et!» degan nido ro‘yi rost eshitilibdi. Ha, bu uning dengiz ostida yotgan o‘g‘lining arvohi! Uning jasadini qabristonga olib borib, yer bag‘riga qo‘yilmaguncha orom nimaligini bilmaydi! Uni mumkin qadar tezroq qabristonga olib borib, dafn etish kerak! Anne Lisbet cherkovga yo‘l olibdi, shunda u o‘zini ancha yengil his etibdi. U yana orqaga, qisqa yo‘l bilan uyiga qaytmoqchi ham bo‘libdi-yu, ammo sira iloji bo‘lmabdi. Unga yana og‘ir bir narsa osilib olibdi. «Tarmashaver! Tarmash!» Yana baqa vaqillaganday, allaqanday qush qichqirganday bo‘libdi. «Meni dafn et! Meni dafn et!» degan ovoz aniq eshitilibdi.

      Sovuq, nam tuman hech siyraklashmabdi; Anne Lisbetning yuz va qo‘llari dahshat va qo‘rquvdan namiqib, muzlab ketibdi. Butun vujudi iskanja orasida qolganday bo‘libdi. Shunda birdan uning fikrlash doirasi kengayib ketibdi. Ilgari hecham bunaqa bo‘lmagan ekan.

      Bahor faslida shimoldagi qoraqayin o‘rmonlari bir kechaning o‘zida barg yozadi; quyosh chiqishi bilanoq ular bahor libosini kiyib oladi. Xuddi shunga o‘xshash o‘tmish hayotimiz – o‘yimiz, fikr-u zikrimiz yoki ishimiz bilan qalbga tushgan gunoh urug‘i bir lahzada barg yozishi mumkin. Vijdonimizning bir lahzalik uyg‘onishi bilanoq bu gunohimiz ko‘zga tashlanadi qoladi. Mutlaqo kutilmaganda parvardigor vijdonimizni uyg‘otib yuboradi. Ana o‘shanda o‘zimizni oqlashga o‘rin qolmaydi: qilgan ishlarimiz o‘zimizga qarshi guvohlik berib turadi, o‘ylarimiz so‘zga aylanadi, so‘zlar esa butun olamga yoyiladi. O‘zimizda ardoqlab olib yurgan kalondimog‘lik va yomonlik urug‘lariga dahshat bilan qarab turamiz. Ha, qalb bisotimizda hamma xayrli ishlarimiz, shuningdek, yomonliklarimiz yashirinib yotadi. Unisi ham, bunisi ham yer unumsiz bo‘lsa-da, jonlanaveradi.

      Anne Lisbetning xayolida xuddi shu biz aytgan narsalar keza boshlabdi; ana shu o‘ylar yuki uni bosib yerga o‘tqazib qo‘yibdi, bir necha qadam emaklabdi ham. Qulog‘iga: «Meni dafn et! Meni dafn et!» degan tovush kiribdi. «Bularni eshitgandan ko‘ra o‘zim o‘lib qo‘ya qolsam bo‘lmaydimi?! – o‘ylabdi u, – o‘shanda bu gaplar abadiy unutilib ketardi!» Anne Lisbetning vijdoni uyg‘onadigan jiddiy, dahshatli onlar yetib kelibdi. U ruhiy dahshatdan azoblanar va o‘rtanarkan. Ilgarilari hech bir ahamiyat bermagan narsalar xayoliga kelibdi. Ilgari eshitib yurgan narsalari oydinli tundagi bulut soyalariday ko‘z oldidan ovozsiz o‘ta boshlabdi. Uning yonginasidan to‘rtta ot pishqirganicha chopib o‘tibdi; ularning ko‘z va burun kataklaridan olov chiqib turganmish; otlar lovillab yonib, cho‘qqa aylanib ketgan karetani tortib borayotganmish, karetada bundan yuz yil muqaddam shu atroflarda hammaga zulm o‘tkazib, ozor berib yurgan bir pomeshchik o‘tirganmish. Aytishlariga qaraganda, u har kuni yarim kechada o‘z qasriga borib, o‘sha zahoti orqasiga qaytarkan. U murda singari qonsiz emas, balki ko‘mirday qorayib ketganmish. U Anne Lisbetga bosh irg‘ab, qo‘lini silkibdi: «Tarmashaver, tarmashaver! O‘shanda yana garf karetasida yurasan, o‘z tuqqan farzandingni unutasan!» debdi.

      Anne Lisbet jon-jahdi bilan oldinga yuguribdi, hademay bir qabristonga yetibdi. Ko‘ziga qora butlar va qora qarg‘alar ko‘rinibdi. Qarg‘alar o‘zi kunduzi ko‘rgan qarg‘a singari qag‘illayotganmish, lekin hozir ularning qag‘illashini tushunib bo‘larmish. Ularning har biri: «Men qarg‘aning onasiman! Men qarg‘aning onasiman!» – deb qag‘illarmish. Anne Lisbet bir vaqtlar o‘zi ham shu nomga sazovor bo‘lishi mumkinligini o‘ylabdi. Agar hoziroq qabr qazishga kirishmasa, u ham mana shularday qora qarg‘aga aylanib qolishi va ularga o‘xshab hadeb qag‘illayverishi mumkin ekan.

      U o‘zini yerga otibdi, qattiq yerni qo‘llari bilan tatalab, qabr qaziy boshlabdi; tirnoqlari qonga bo‘yalibdi.

      Tinimsiz: «Meni dafn et! Meni dafn et!» – degan tovush eshitilib turibdi. Anne Lisbet: ishqilib, qabr kavlab bo‘lgunimcha xo‘roz qichqirib, tong otib qolmasin-da, deb o‘ylabdi. Unda hammasi tamom. Mana, xo‘roz ham qichqiribdi, ufq qizarib, tong otibdi. Qabrning esa yarmi qazilibdi, xolos! Muzday sovuq qo‘l, bosh va yuzidan sirg‘anib yuragiga tushibdi. «Faqat yarimta qabr!» deb xo‘rsinibdi arvoh va dengiz tubiga tushib ketibdi. Ha, bu sohil arvohi ekan! Anne Lisbet qalbi majruh holda yerga hushsiz yiqilibdi.

      U tushga yaqin o‘ziga kelibdi; ikki yigit uni yerdan ko‘taribdi. Anne Lisbet bundoq qarasa, qabristonda emas, balki dengiz sohilida o‘zi qazigan chuqur tepasida turganmish. Siniq ryumka qo‘lini kesib yuboribdi, uning o‘tkir sinig‘i moviy rangga bo‘yalgan yog‘och dastaga o‘rnatilganmish. Anne Lisbet tamoman holdan toygan ekan. Vijdoni fol ochib, endilikda Anne Lisbetning joni yarimta, qolgan yarmini o‘g‘li dengiz tubiga olib tushib ketgan, deb xulosa chiqarib qo‘ygan ekan. Endi u jonining dengiz tubidagi yarmini qaytarib olmagunicha parvardigor uni o‘z dargohiga qabul qilmaydi! Anne Lisbet uyga tamomila boshqa odam bo‘lib qaytibdi. Fikrlari kalava singari yumaloq bo‘lib o‘ralib qolganmish, faqat bittagina uchi uning qo‘lida qolibdi. Bu – sohil arvohini qabristonga olib borib dafn etish fikri ekan, ana o‘shanda uning joni yana butun bo‘lib qolarmish.

      Uni bir necha СКАЧАТЬ