Название: Qasoskorning oltin boshi
Автор: Xudoyberdi To‘xtaboyev
Издательство: SHARQ
isbn: 978-9943-00-505-1
isbn:
– Rostdan ham yordam berasizmi? – so‘radi Mirza Qobildan.
– Xudo shohid! – shoshilib dedi Mirza.
– Xo‘sh, nima qil, deysiz?
– Qilmishingizga iqror bo‘lasiz. So‘ng Boybuva ko‘pchilik oldida sizni kechirgan bo‘ladi. U kishiga el o‘rtasida «Marhamatli boy» degan dovrug‘ kerak.
– O‘sha kecha juda qorong‘i edi, – yolg‘ondan so‘zlay boshladi Namoz, – turib gapirsam maylimi?
– Bemalol, – ishi o‘ngidan kela boshlagani uchun o‘zida yo‘q mamnun edi Mirza Qobil. – Xudo haqqi, bemalol turib gapiravering.
– O‘sha kecha juda qorong‘i edi, ammo, men qorong‘ida yurishga o‘rganib qolganman. Boyning baland qo‘rg‘onidan oshib o‘tdim-u, to‘g‘ri otxonaga yo‘l oldim. Bir mahal otboqar menga tashlanib qolsa bo‘ladimi! Yo sheri xudo, dedim-u, qulochkashlab, mana bunday qilib boshiga…
Shavq-u zavq bilan hikoya tinglayotgan Mirza Qobil gurzidek og‘ir musht chakkasiga tushganini sezmay qoldi. Ko‘zi g‘alati olayib, bir daqiqa angrayib turdi-da, shilq etib yonboshiga yiqildi.
Namoz keskin bir harakat bilan eshik yoniga borib, qiya ocharkan: «Yordam, yordam bering musulmonlar», dedi vahimali bir ohangda ingrab. Tezroq tergov tugasa-yu, mahbusni tezroq avaxtaxonaga eltib qo‘yib, ulfatlar yoniga bora qolsam, deya o‘zicha shirin xayollarga borib o‘tirgan soqchi o‘qdek ichkari otildi-yu, Namozning oyog‘iga chalishib «gup» etib yerga yiqildi. Bo‘yni aralash kelib tushgan musht uni ham tinchitdi qo‘ydi. Namoz mushtlashganda odatda, raqibiga faqat bir musht tushirardi. Har narsadan o‘ziga ermak axtaradigan marhamatli Ivanboy uni katta polvonlar bilan mushtlashtiraverib, xo‘b pishitgan, tajribali qilib qo‘ygan edi. Mushtlashganda raqibining yo bo‘yniga yoki chakka qon tomiriga urish kerakligini Namoz o‘sha qulochkash polvonlardan o‘rgangan. Soqchini yechintirib, kiyimlarini o‘zi kiydi. Patrontoshini yelkasiga taqib, miltig‘ini qo‘lga oldi. Yuzi va peshonasidagi qamchi zarbidan hosil bo‘lgan yaralari bo‘lmasa ko‘rgan kishi uni bo‘lis hokimining navkarlaridan deb o‘ylashi mumkin.
Namoz qozixona eshigini ustidan zanjirlab, go‘yo hech narsa bo‘lmagandek, shoshmasdan, hovliqmasdan hovliga chiqdi. Darvoza biqinidagi og‘ilxonada Mirza Qobilning oti qantarig‘liq turgan ekan. Yetaklab ko‘chaga olib chiqdi-da, bir sakrab minib oldi:
– Bir boshga bir o‘lim, chu!
Hozir Jarqishloq tomonga borib bo‘lmaydi, yo‘l yomon – botqoq, ot yaxshi chopolmaydi. Loyish yoki Samarqand yo‘lidan borgani ma’qul. Yo‘q, Loyish tomon xavfli, yo‘lovchi siyrak – darrov ko‘zga tashlanib qoladi. Samarqand yo‘lidan ketgani ma’qul. «Eson-omon Qarshi arig‘idan o‘tib olsam, bo‘ldi, uyog‘i Oqdaryo… To‘qaylar, qamishzorlar panoh bo‘ladi menga, chu, chu!» – Shu yo‘sin fikridan o‘tkazib borayapti Namoz. Ammo, mol egasiga o‘xshamasa harom o‘ladi deganlari haqrost ekan. Mirzaning oti ham o‘ziga o‘xshab kichkinagina, nimjongina edi. Namozning jussasi katta emasmi, og‘irlik qilayapti shekilli, jonivor terlab, pishqirib, og‘ir-og‘ir so‘lish ola boshladi. To‘rt oyoqlab tashlayapti-ku, ammo oyoqlari bamisoli o‘z o‘rniga tushayotgandek – yo‘li hech ko‘paymayapti.
«Charchading, jonivor, charchading, – fikridan o‘tkazdi yana Namoz, – yana, ozgina chidab bergin…» Yo‘q, Namoz mo‘ljallagan manziliga yetolmadi. Orqada, ho‘ ikki chaqirim narida galalashib kelayotgan otliqlar ko‘rindi. Otlar tumshuqlarini cho‘zib, qarchig‘aydek uchib kelishardi. Namoz otining boshini tortib, o‘ng tomondagi suvi qurib qolgan anhorga tusha boshladi. Ammo, anhor unga qopqon ham bo‘lishi mumkin ekan. Yo‘q, bu yerda qolib bo‘lmaydi! Bir amallab, tepalikka chiqib olishi kerak! Tepalik unga o‘q o‘tmas qalqon, mustahkam qo‘rg‘on bo‘ladi. Tirmashib, anhordan chiqdi-yu, yuz qadamcha naridagi yantog‘-u shuvoq bilan qoplangan tepalikka qarab surgalib chiqa boshladi. Mo‘ljallagan joyiga eson-omon yetib olgach, g‘uj bo‘lib o‘sgan yulg‘inlar panasiga o‘zini otdi. Bu yerdan yaqinlashib kelayotgan otliqlarni bemalol kuzatish mumkin edi… Otliqlarning ikkitasi mirshabxonadanga o‘xshaydi, otlarining dumi kesilgan, qolganlari Mirza Hamidning navkarlari. Yigitlardan birining oti chopqirroq ekanmi, o‘n-o‘n besh odim chamasi oldinda kelyapti. Namoz qo‘lidagi miltiqni qaytadan o‘qlab oldi, patrontoshdagi o‘qlarni shoshilib sanab chiqdi. «Ko‘rmay o‘tib ketishsa, otmayman, – yashin tezligida fikridan o‘tdi Namozning, – bordi-yu, ko‘rib qolishsa avval otlarini otib, ogohlantiraman. Orqalariga qaytishmasa, o‘zlaridan ko‘rsin, hammalarini qirib tashlayman…»
Oldinda kelayotgan yigit otning boshini tortdi:
– Mana, mana bu yerda ekan!
Ammo yigitning ovozi o‘chmasdan burun o‘zi ot-poti bilan ag‘darilib tushdi. Ketidan kelayotgan otliq ham yiqilayotgan oti ustidan uchib tushdi.
– Xo‘sh, chavandozlar, ahvollar qalay endi? – qichqirdi Namoz. Tepalikka chiqib olishi unga qo‘l kelib, ruhini ko‘tarib yuborgan, tepalik bamisoli butun boshli bir qo‘shindek unga madad berayotgan edi. Eng muhimi, shu paytda Namozning vujudida qo‘rquvdan asar yo‘q. O‘zini qushdek yengil his qildi. Qalbida sokinlik hukmron; o‘limdan zarracha vahmi yo‘q edi.
– Qurshov, qurshovga tushib qoldik! – ikki do‘stini ot ustidan uchib ketganini ko‘rgan yigitlardan biri vahimali qichqirib yubordi, – orqaga, chekinib turib hujum qilamiz.
Sakkiz otning boshi birdan tortildi. Bedovlar oldingi oyoqlarini osmonga ko‘tarib, kishnab yuborishdi. Navkarlar orqaga chekinib, g‘uj bo‘lib allanarsalar haqida maslahat qila boshlashdi. Nihoyat, bir qarorga keldilar shekilli, otlarni bir-biriga yetov qilib bog‘lab, birin-ketin suvi qurigan anhorga tusha boshlashdi. «Shu turishda ham kamida to‘rttangni yer tishlatardim-u, – o‘yladi Namoz, – ammo senlarning o‘limingdan menga ne foyda. O‘q ham hayf sen ko‘ppaklarga. Undan ko‘ra qorovulsiz qoldirilgan otlaringni haydab ketaman, ha shunday qilaman…»
Namoz qanday tez fikrlagan bo‘lsa, shunday bir tezlik bilan Sho‘rtepaning kunchiqar tomoniga emaklab ketdi.
Quvayotganlar pala-partish, bemo‘ljal o‘q uzib, tepalik tomon asta-sekin surgalib kelayotganlarida Namoz tepalikni chaqqon aylanib o‘tib, otlarga yetib olgan edi. Yetovning boshida turgan bulutdek baland, qora qashqa otga bir sakrab mindi-yu, ustma-ust qamchi bosdi.
– Otlarni olib qochishyapti! – qichqirdi hali «qurshovda qoldik» deb vahimali dodlagan yigit.– Orqaga chekininglar, orqaga!
XI bob
CHO‘LDA BO‘LGAN MASLAHAT
Qipchog‘ariqning o‘ng sohili poyonsizdek tuyulgan to‘qayzor oromli tun qo‘ynida mudraydi. Oy chiqmagan. Tun haddan tashqari qorong‘i. Shuning uchun bo‘lsa kerak, yulduzlar charaqlab ko‘zni qamashtiradi, tun sukunatini yana ham oshirgandek bo‘ladi.
Qayerdadir bo‘ri uvillaydi, yovvoyi cho‘chqaning keksa kishilarning tomoq qirishiga o‘xshash xirrilagani eshitiladi. Yaqinginadagi ko‘lchadan qanotlarini shaloplatib, bir gala o‘rdak ko‘tarildi. Hali bo‘ri uliganda xavotirlanib, qulog‘ini chimirgan otlar, xavf o‘tib ketganiga ishondi shekilli, pishqirishib, yana g‘urt-g‘urt beda chaynashga tushdilar.
Atrofi yulg‘un, to‘rong‘u singari past o‘sadigan cho‘l daraxtlari bilan o‘ralgan qumtepada olti azamat yonboshlashib, o‘zaro suhbatlashib o‘tiribdilar. Yuraklari to‘la dard, hasrat. Sherniyoz endigina yigirma yoshga kirdi. Qosh-u ko‘zi tundek qop-qora, harakatlari chaqqon bu yigit garchi hamisha kulib tursa ham, yurganda, o‘tirganda СКАЧАТЬ