Название: Uzunpaypoq Peppi
Автор: Астрид Линдгрен
Издательство: ZABARJAD MEDIA
isbn: 978-9943-7390-2-4
isbn:
Peppi har doim oyoqlarini yostiq ustiga chiqarib, boshini poygakka uzatib uxlashga odatlangan edi.
– Gvatemalada odamlar xuddi shunday uxlashadi, – xitob qildi u. – Mana shu uxlashning eng to‘g‘ri yo‘li, aslida. Qarang, shunday yotsam, hatto uxlayotganimda ham bemalol oyoqlarimni qimirlatishim mumkin.
Peppi to‘shagiga obdan joylashib olgach:
– Siz alla eshitmasdan uxlay olasizmi? – deya yana davom etdi Peppi. – Men esa har doim o‘zimga o‘zim alla aytib berishim kerak, bo‘lmasa bir daqiqa ham uxlay olmayman.
Tommi va Annika ko‘rpa ostidan g‘o‘ng‘illagan bir maromdagi ovozni eshitishdi. Darhaqiqat, Peppi o‘ziga o‘zi alla aytayotgan edi. Shundan so‘ng ikkovlon ehtiyotkorlik bilan oyoq uchida xonani tark etishdi. Eshikka yetganda Peppiga oxirgi bor nazar solish uchun ortga qarashdi. Peppining yostiq yu zida yalpayib yotgan oyoqchalaridan bo‘lak hech vaqoni ko‘rishning imkoni bo‘lmadi. U uxlayotganida ham oyoq barmoqlarini qimirlatib uxlardi.
Tommi va Annika uyga tomon yugurishdi. Annika bugun topib olgan zebigardonini mushtida mahkam tutib olgandi.
– Bugun g‘alati voqealar bo‘ldi, – dedi Annika. – Tommi, nima deb o‘ylaysan, biz topib olgan narsalarni Peppi daraxt kovagiga ataylab solib qo‘ymaganmikin?
– Bilib bo‘lmaydi, – javob berdi Tommi. – Peppi bilan bog‘liq hech bir narsani aqlga sig‘dirib bo‘lmaydi.
3. Peppining mirshablar bilan quvlashmachoq o‘ynagani
Tez orada shaharcha bo‘ylab «Tovuq» villasida to‘qqiz yashar qizcha bir o‘zi yashayotgani haqidagi gaplar hammaning qulog‘iga yetib bordi, lekin shaharcha aholisidan hech kimning bu gapga ishongisi kelmadi. Ularning nazdida barcha bolalarning yonida tanbeh berib turadigan kimdir bo‘lishi, barcha bolalar ko‘paytiruv jadvalini yodlash uchun maktabga borishlari shart edi. Shunday ekan, shaharcha aholisi bir ovozdan uni bolalar uyiga topshirishga qaror qilishdi.
Kunlarning birida Peppi Tommi va Annikani tushdan so‘ng bir finjon qahva hamda pepparkakor bilan mehmon qilish uchun uyiga chaqirgan edi. Peppi bazm dasturxonini orqa eshik oldidagi zina yonida tuzadi. Kun quyoshli, atrof judayam go‘zal, havoni esa Peppining bog‘idagi gullarning mayin ifori qoplagan edi. Janob Nilson ayvon panjarasi ustiga chiqib oldi, ot esa har tumshug‘ini cho‘zib erkalanganida bittadan shirinlik bilan siylandi.
– Eh, do‘stlarim, hayot naqadar go‘zal-a, – dedi Peppi oyoqlarini imkon qadar cho‘zishga urinib.
Ayni shu paytda rasmiy kiyimdagi ikki mirshab darvozadan ichkari kirib keldi.
– Ur-ra! – qichqirib yubordi Peppi. – Bugun ham omadim chopadigan kun ko‘rinadi. Politsiyachilar bu dunyoda men uchun ravochli shirinlikdan keyingi o‘rindagi eng ajoyib xilqat.
Peppi yuzida quvnoq tabassum o‘ynagancha ularni qarshi oldi.
– «Tovuq» villasiga yaqinda ko‘chib o‘tgan qiz shumi? – so‘radi politsiyachilardan biri.
– Biroz adashdingiz, bu siz aytgan qizaloq emas, bu – shahar chekkasidagi uyning uchinchi qavatida yashaydigan qari kampir.
Peppi bu gaplarni faqatgina mirshablar bilan biroz hazillashish uchun aytgan edi, lekin ularga bu hazil malol keldi. Ayni damda ular Peppiga bunaqangi tarbiyasizlik qilmasligini, shaharchadagi bir talay himmatli insonlar qizaloqni bolalar uyiga joylashtirish borasida kengashib olishganini bildirish uchun kelishganini aytishdi.
– Men allaqachon bolalar uyiga joylashib bo‘lganman-ku, – dedi Peppi.
– Nahotki?! – ishonqiramadi mirshablardan biri. – Allaqachon bolalar uyiga topshirishganmidi seni? Qaysi bolalar uyiga?
– Mana shu uyga, – dedi Peppi dimog‘dorlik bilan. – Men shundog‘am bolaman va bu yer mening uyim. Shunday ekan, bu yer ham bolalar uyi, qancha xohlasangiz, shuncha xona topiladi, bu yerda xonadan ko‘pi yo‘q.
– Bolaginam, – dedi mirshablardan biri, – sen tushunmagan ko‘rinasan. Biz haqiqiy bolalar uyi haqida gapiryapmiz, u yerda senga g‘amxo‘rlik qiladigan kishilar ham bo‘ladi.
– Bolalar uyiga ot olib borish mumkinmi? – so‘radi Peppi.
– Yo‘q, – javob berdi mirshab.
– O‘zim ham shunday deb o‘ylagandim. Unda maymun olib borish-chi?
– Bu ham mumkin emas. O‘zing tushunasan-ku.
– Unaqada o‘sha bolalar uyiga boshqalar boraversin, men hech qayerga jilmayman.
– Hech qursa maktabga borishing kerakligiga aqling yetar?
– Nega maktabga borishim kerak ekan?
– Ko‘p narsani o‘rganish uchun!
– Masalan… nimalarni?
– Ko‘p narsani, – javob qildi mirshab. – Jumladan, ko‘paytirish jadvalini ham.
– To‘qqiz yildan buyon hech qanday ko‘kartirish jadvallarisiz ham yaxshigina yashab kelyapman-ku! Menimcha, bundan keyin ham hayotim davom etaveradi.
– To‘g‘ri, lekin o‘zing bir o‘ylab ko‘r, – dedi mirshab, – bir umr savodsiz bo‘lib yurishdan uyalmaysanmi? Katta bo‘lganingda kimdir sendan Portugaliyaning poytaxti qayerda, deb so‘rasa-yu, javob berolmay uyatga qolsang, qanchalar ayanchli holat yuz berishini bir tasavvur qilgin-a.
– Nega javob berolmaskanman? Albatta, javob beraman-da. «Agar Portugaliya poytaxti haqida bilishga shunchalik oshiqayotgan bo‘lsang, bemalol Portugaliyaning o‘ziga xat yozib so‘rashing mumkin!» deyman – vassalom!
– Mayli, lekin o‘zing bu haqda bilmasligingdan xijolat chekmaysanmi?
– Balki, xijolat chekarman, – dedi Peppi. – Bordi-yu, chindan xijolat chekadigan bo‘lsam, o‘sha kech albatta ko‘zimga umuman uyqu kelmaydi, allamahalgacha o‘ylanib chiqsam kerak: Portugaliyaning poytaxti qayerda ekan, deb. Lekin darrov suyunib ketaman, – dedi Peppi biroz bukilib oyog‘ini osmondan qilib olgach, – chunki bir paytlar dadam bilan Lissabonga borganmiz-da.
Peppi gapini tugatganidan so‘ng ham oyoqlarini osmondan qilib turaverdi, chunki u har qanaqasiga: oyog‘i yerda bo‘lsa ham, osmonda bo‘lsa ham bemalol gaplasha olardi. Lekin politsiyachilardan biri unga ko‘ngliga kelgan ishni qilib yuraverishi to‘g‘ri emasligi, darhol bolalar uyiga ko‘chib o‘tishi kerakligini aytdi. Mirshab Peppining yaqiniga borib, bilagidan ushlagan edi hamki, Peppi zudlik bilan uning qo‘llari orasidan yulqinib chiqib, mirshabning o‘zini ushlab oldi.
– Tutdim! Endi yana siz quvlang! – dedi Peppi qichqirib.
Haligi politsiyachi kiprik qoqishga ham ulgurmasidan Peppi avval ayvon panjarasiga, undan oshib ayvon yuqorisidagi boloxonaga chiqib ketdi. Ikkala mirshab ham Peppiga o‘xshab birato‘la tomga chiqib keta olmasliklariga ko‘zlari yetgach, uy ichi orqali chiqmoqchi bo‘lib yugurishdi. Afsuski, ular boloxonaga yetishganida Peppi allaqachon xuddi epchil maymuncha kabi tom ustiga chiqishiga bir baxya qolgan edi. Bir soniya deganda u avval tomning uchiga, keyin esa bir sakrash bilan mo‘ri yaqiniga yetib oldi. Pastda, boloxonada ikki mirshab boshlarini qashib o‘tirar, maysazorda esa Tommi va Annika Peppiga tikilib turishardi.
СКАЧАТЬ