Uzunpaypoq Peppi. Астрид Линдгрен
Чтение книги онлайн.

Читать онлайн книгу Uzunpaypoq Peppi - Астрид Линдгрен страница

Название: Uzunpaypoq Peppi

Автор: Астрид Линдгрен

Издательство: ZABARJAD MEDIA

Жанр:

Серия:

isbn: 978-9943-7390-2-4

isbn:

СКАЧАТЬ

      Uzunpaypoq Peppi

      1. Peppining «Tovuq» villasiga ko‘chgani

      Kichkinagina shaharchaning adog‘idagi yo‘l chetida bir xaroba bog‘ga ko‘zingiz tushadi; bog‘ning ichida eski bir hovli bo‘lib, bu hovlida Uzunpaypoq Peppi istiqomat qilardi. Qizcha endigina to‘qqiz yoshga kirgan bo‘lsa-da, bu yerda yolg‘iz o‘zi hayot kechirardi. Uning onasi ham, otasi ham yo‘q edi. Albatta, bu juda yaxshi, chunki endigina miriqib o‘ynayotganida birov unga kech bo‘lganini aytib uxlashga buyurmaydi yoki karamelli shirinlik yegisi kelganida hech kim uni baliq moyi yeyishga majbur qilmaydi.

      Bir zamonlar Peppi otasi bilan birga edi, u otasini juda-juda yaxshi ko‘rardi. Tabiiyki, qachondir uning onasi ham bo‘lgan-u, ammo hozir Peppi onasini hatto eslay olmaydi. Sababi Peppining onasi ancha vaqt ilgari, u hali belanchakda uzzukun g‘ingshib yotadigan jajjigina chaqaloqlik paytidayoq vafot etgandi. U onasi osmonda yashayotganiga va o‘sha yerdan turib, jimitdekkina samoviy tuynukdan mo‘ralagancha qizini kuzatib turishiga ishonardi. Shuning uchun ham Peppi tez-tez qo‘llarini yuqoriga ko‘targancha:

      – Xavotir olmang, oyi, men har doim o‘zimni eplay olaman, – deb qo‘yishni odat qilgandi.

      Harqalay, Peppi otasini doim eslab yuradi. Uning otasi dengizlar-u ummonlar uzra suzib yuradigan kema kapitani edi. Kunlarning birida dengizdagi to‘fon sababli otasi kemadan ag‘darilib, yo‘qolib qolmaguncha Peppi har doim dengiz sayohatlarida u bilan birga bo‘lardi. Ammo otasi bir kunmas bir kun qaytib kelishidan Peppining ko‘ngli to‘q. Qizaloq otasining cho‘kib ketganiga aslo ishonmasdi, yo‘q-yo‘q, aslida u odamxo‘rlar yashaydigan orol qirg‘og‘igacha suzib borgan bo‘lishi kerak. Uning o‘ylashicha, otasi odamxo‘rlar oroliga yetib olgach, barcha yovvoyilarning qiroli bo‘lgan, o‘sha kuniyoq sahardan to shomgacha oltin tojini kiyib, butun orolni aylanib chiqqan edi.

      – Mening otam – odamxo‘rlar qiroli! Axir dunyodagi hamma bolalarning ham bunaqa ajoyib dadalari bo‘lmaydi-da, – derdi Peppi mamnuniyat bilan. – Otam o‘ziga boshqa bir qayiq yasashi bilanoq bu yerga kelib, meni olib ketadi. Men odamxo‘rlar malikasi bo‘laman. Yeh-hu! Bunday paytda hayajonlanmay bo‘larmidi?!

      Otasi ko‘p yillar muqaddam bog‘dagi eski uyni sotib olgandi. Qachondir qarib-qartayib, ortiq dengizga chiqadigan holi qolmaganida Peppi bilan birga umrguzaronlik qilishni o‘ylab shunday qilgandi. Ammo kutilmaganda ko‘rgilik yuz berdi-yu, Peppining otasi kemada halokatga uchradi. Shundan so‘ng qizcha otasini kutgani to‘g‘ri «Tovuq» villasiga yo‘l oldi. «Tovuq» villasi – qizaloqni bag‘riga olishga tayyor turgan uyning nomi. Iliq yoz tonglarining birida Peppi otasining jamoasidagi dengizchilar bilan xayrlashdi. Ular barchalari Peppiga mehr qo‘ygan edilar, Peppi ham ularni yaxshi ko‘rar edi.

      – Ko‘rishguncha, yigitlar, – dedi har bir dengizchining peshonasidan o‘pib chiqarkan. – Mendan umuman xavotir olib o‘tirmanglar. Uzunpaypoq Peppi har doim o‘zimni idora qila oladi.

      U kemadan ikki narsani: bir paytlar otasi sovg‘a qilgan janob Nilson laqabli maymuncha va oltin chaqalar bilan to‘la katta jomadonni o‘zi bilan oldi xolos. Dengizchilar kema palubasidan turib ko‘zdan g‘oyib bo‘lguncha uning ortidan qarab qoldilar. Qizcha bir qo‘lida bahaybat jomadon, yelkasida janob Nilsonni ko‘tarib olgancha, ortiga qiyo ham boqmay ketib borardi.

      – Ajoyib qizalog‘-a? – dedi matroslardan biri Peppi ko‘zdan g‘oyib bo‘lishi bilan.

      Ha, chindan ham matros haq edi – Peppi hech shubhasiz ajoyib qizaloq! Uzunpaypoqning eng hayratlanarli xislati shuki, u juda ham kuchli edi. Hatto butun dunyoda Peppiga teng kela oladigan bironta politsiya noziri yo‘q, desam, ishonmassiz. Sababi o‘zi jajjigina bo‘lsa ham, istasa, butun boshli otni dast yerdan ko‘tara olardi. Darvoqe, uning o‘z tulpori ham bo‘lib, bu jonivorni «Tovuq» villasiga ko‘chib o‘tgan kuniyoq bisotidagi oltin tangalardan biri evaziga sotib olgan edi. Aslida, Peppi o‘z oti bo‘lishini ne-ne zamonlardan buyon orzu qilib yurar va mana, ayni damda uning faqat o‘zigagina tegishli ot ayvonda bog‘log‘liq turibdi. Bordi-yu, Peppi tushdan keyin ayvon ostida o‘tirib, bir finjon qahva ichgisi kelib qolsa, uzoq o‘ylab o‘tirmasdan otini ayvon ostidan bog‘ga qo‘yib yuborishi mumkin.

      «Tovuq» villasining yonida boshqa bir hovli ham bo‘lib, uning ham atrofini bog‘ o‘rab olgan edi. Qo‘shni hovlida er, xotin va ularning bir o‘g‘il, bir qiz – jami ikki nafar farzandi yashardi. Bolaning ismi – Tommi, qizaloqniki esa – Annika. Ular ikkalovi ham bir-biridan aqlli, yaxshi tarbiya ko‘rgan, odobli bolalar. Tommi zinhor tirnoqlarini chaynash haqida o‘ylamas, onasi aytgan yumushlarning barchasini so‘zsiz bajaradigan bola. Annika esa o‘zi istagan narsani ololmasa ham injiqlik qilmaydigan, obdan dazmollangan jajji chit ko‘ylagida juda yoqimtoy bo‘lib ko‘rinadigan, kir va irkit bo‘lmaslikka jon-jahdi bilan tirishadigan alomat qizaloq. Tommi va Annika o‘zlarining bog‘ida har doim ahil-inoq bo‘lib o‘ynashar, ammo bironta sherik topilishini mudom orzu qilishardi. Peppi hali otasining yonida ummonlar uzra suzib yurgan kezlardayoq, Tommi va Annika har doim panjaraga osilib olgancha:

      – Narigi uyga hech kim ko‘chib kelmasligi g‘alati emasmi? Axir bu yerda ham kimdir yashashi kerak, bolasi bor kimdir bo‘lsa, yanayam yaxshi, – deyishardi bir-biriga qarab.

      Peppi «Tovuq» villasi ostonasiga ilk bor qadam qo‘ygan kunda Tommi va Annika uyda emasdi. O‘sha kunlarda ular bir haftaga buvisinikiga borgan, shuning uchun ham hozirda qo‘shni uyda kimdir yashayotganidan bexabar qolishgandi. Uyga qaytganlarining birinchi kunida darvoza yonida ko‘chani kuzatgancha turishsa-da, shundoqqina bir devor narida ular bilan o‘ynaydigan sherik ko‘chib kelgani xayollariga ham kelmasdi. Ikkovlon nima qilishlari haqida o‘ylab, biror bir qiziqarli voqea sodir bo‘larmikin yoki bugun ham doimgiday zerikarli kun sifatida o‘tarmikin, deb xavotirlanib turishgan paytda «Tovuq» villasi darvozasi ochildi-yu, kichkina qizaloq tashqariga qadam qo‘ydi. Bu Tommi va Annika hozirgacha ko‘rgan eng alomat qiz edi. Albatta, topdingiz – bu qiz ertalabki sayr uchun ko‘chaga otlangan Uzunpaypoq Peppi edi. Keling, endi sizga uning ko‘rinishini tasvirlab beray.

      Uning olovday qip-qizil sochlari ikkita mahkam o‘rim qilib turmaklangan, ikki tomonga qarab dikkayib turar edi. Kichikroq kartoshkani eslatadigan burni butunlay sepkil bilan qoplangan. Shuni alohida ta’kidlash shartki, juda ham keng og‘zi ichidan oppoq va mustahkam tishlari yaraqlab turardi. Ko‘ylagi esa hammasidan ham ajoyib edi, chunki uni Peppining o‘zi tikkandi-da. Aslida, ko‘ylak moviy bo‘lishi ko‘zlangan-u, yetarlicha moviy mato topilmaganidan keyin to‘g‘ri kelgan yeridan qizil rangdagi yamoqlar tikib tashlangan edi. Uzun va cho‘pday ozg‘in oyoqlariga bir juft uzun paypoq kiygan, paypoqlarining bir poyi malla, bir poyi qora edi. Shuningdek, oyog‘idan naqd ikki karra uzun qora tufli kiyib olgandi. Bu boshmoqni otasi ichida biron nima parvarishlasin, deb Janubiy Afrikadan sotib olgan, ammo Peppi boshqa oyoq kiyimni kiyishni umuman xohlamasdi.

      Bular-ku mayli, lekin Tommi va Annikaning ko‘zini katta-katta ochishga majburlagan narsa notanish qizning yelkasidagi maymun bo‘ldi. Maymuncha ko‘k ishton, sariq kamzul va oq poxol shlyapa kiygan edi.

      Peppi bir oyog‘ini yo‘lak chetiga, birini ariqqa qo‘ygancha ko‘chani sayr qila boshladi. Tommi va Annika qorasi ko‘rinmay ketguncha uni kuzatib turishdi. Oradan hech qancha o‘tmay Peppi iziga qaytdi, biroq endi u uyga qaytayotganda ortga qayrilishni xohlamaganidan orqaga qarab qadam tashlayotgandi. Tommi va Annikalarning darvozasiga yetganida to‘xtadi.

      Bolalar bir-birga jimgina qarab qolishdi. Nihoyat, Tommi gap boshladi:

      – Nega qisqichbaqaga o‘xshab yuribsan?

      – Nega qisqichbaqaga o‘xshab yurarkanman?! – savolni takrorladi Peppi. – Nima, biz mustaqil va erkin mamlakatda yashamayapmizmi? Odam o‘zi xohlagan tomonga o‘zi xohlagan taxlitda yurishi ham mumkinmasmi? Umuman olganda, birodarlar, ijozatingiz bilan shuni aytib o‘tsam, bilsangiz, Misrda hamma xuddi shunday yuradi va hech kim buni g‘alati qabul qilmaydi ham.

      – Sen buni qayerdan bilasan? – so‘radi Tommi. – Axir umringda Misrga bormagansan-ku yoki borganmisan?

СКАЧАТЬ