Bağımsızlık Dönemi Özbek Edebiyatı. Анонимный автор
Чтение книги онлайн.

Читать онлайн книгу Bağımsızlık Dönemi Özbek Edebiyatı - Анонимный автор страница 38

Название: Bağımsızlık Dönemi Özbek Edebiyatı

Автор: Анонимный автор

Издательство: Elips Kitap

Жанр:

Серия:

isbn: 978-625-6853-58-4

isbn:

СКАЧАТЬ A’zam, “Ta’ziya”, Novoiyni O’qigan Bolalar (Hikoyalar To’plami), s. 16-23.)

(Aktaran: Kamila Topal)

      ERKIN A’ZAM

      TA’ZIYA

      “Ushbu hikoyaning dastlabki nomi “Do‘ppi” edi. Shunday she’ri borligini eslabmi, uni Muhammad Yusufga bag‘ishlamoqchi bo‘ldim. Asarning sarlavhasi o‘zgargach esa, shoir nomi bilan yonma-yon turishi xunukroq tuyulib, fikrimdan qaytdim. Ajabo… Bugun hikoyani suyukli inimning unutilmas xotirasiga bag‘ishlamoqdaman.”

Muallif

      O‘zbekning xonadonidan do‘ppi topilmasa-ya!

      – Mana, – deya enam nihoyat kaftlariga urib qoqa-qoqa, kizaklarini torta-torta, qirralari uringan nimdoshroq bir do‘ppini ko‘tarib chiqdilar ichkaridan. – Uy emas bu, karvonsaroy. Do‘ppining bozoridan o‘tib bo‘lmasdi-ya! Otang Toshkanddan bir to‘qqizini ortib kelgan edilar, qani endi? Tunov kuni ukang bir to‘da jo‘rasi bilan kelib, anovi hamsoyaning ta’ziyasiga kiramiz, deb bitta-bitta kiyib ketdi. Bi-irontasi qaytib kelgani yo‘q. O‘zing-chi, kelar ekansan, mana shunday to‘y bor, ta’ziya bor, chamadonning tagiga tashlab kelay demaysan. Do‘ppi jonivorning hamku pisandi qolmadi, yaxshi-yomon kunda kiyilmasa, boshiga iladiganni bozordan toping! – Enam javrashdan to‘xtab, mashinaning kalitini barmoqlarida betoqat aylantirib turgan otamga yuzlandilar: – Boshingizdagini ulingizga bering, siz mana buni kiyasiz.

      – Iya, shunday bo‘ldimi? – dedilar otam yasama itoat bilan ohorli do‘ppini menga uzatib. – Alining jandasi Valiga, yangisini akam kiyar ekanlar-da, mayli, mayli.

      – O‘zingizning eskingiz. Shungayam jon deng.

      – Jo-o-on! Bo‘ldimi?

      – Noz qilishlarini, ho‘ sho‘-o‘r! Shuyam yo‘q edi, bobom bozordan opkeldi, debdilar.

      – Arablarning o‘zi bosh kiyimga uncha ahamiyat bermas ekan – na to‘yda, na azada, – dedim sho‘x munozarani bo‘lib.

      – Shu uchun aytadilar-da, mullaning aytganinigina kil, deb. Buni endi kimga tushuntirarding? Bosh-yalang borsang, kofir deydi – xuddi do‘ppi kiygan zahoti odam musulmon bo‘lib qoladiganday! Otabobomizdan qolgan urf-da, ulim. Bir vaqtlar shuni kiyish ham jasorat edi. Nega shapka kiymaysan, nimaga sha’ma bu, maqsadingni bilamiz, deb sho‘ri quriganlarni ko‘p ko‘rganmiz.

      Yo‘q, gap bosh kiyimda emas, aksincha – do‘ppi kiyib musulmonlik da’vo qilib, itoatkor bo‘lib, okibati mana shunday kunga qolganimizdan bahs ochmoqni o‘yladim-u, fikrimdan qaytdim. O‘rni emas, mavridi ham emas. Ranjiydilar. Axir, qariyb qirq yillik kommunist, yo‘ldan qaytib, besh yashar nevaralari bilan birga o‘tirib, arab yozuviyu arab tilini mustaqil o‘rganayotgan odam, nimaningdir tagiga yetgan bo‘lishi kerak-ku!

      Otam “jiguli”ning eshigini ochib, maslahat soldilar:

      – Ta’ziyali joy to‘rtta. Xo‘sh, qaysisidan boshlaymiz? Eng uzog‘idan, a? Safarovdan, ustozingdan.

      – Qanaqa ustoz?

      – Salim Safar-chi, muxbir? Qaydam, “Bizning shogird qalay yuribdi?” deb seni ko‘p surishtirardi.

      – Salim Qaror deng!

      – A, o‘shaning familiyasi Safarov edi-da. Sho‘roda kotibligida majlis qarorlarini qoyilmaqom qilib yozgani uchun Salim Qaror bo‘lib ketgan. Laqabday gap, muxbir bo‘lganiga taxallus deymiz.

      – Iye, o‘ldimi? Nima, kasalmidi?

      – Qarigandan keyin nima qiladi – O‘ladi-da. Tag‘in kim bilsin, har xil gap yuradi. O‘g‘lining jabriga ketdi, deganlar ham bo‘ldi. Yolg‘iz o‘g‘il, erkaroq o‘sgan. Bo‘lmasa, shunday odamning farzandi, nobop chiqdi. Xotinini urib g‘ilay qilib qo‘ydi. Bir yilmi, ikki yil qamoqdayam yotib keldi. Ukkag‘ar bobo aralashmadi, ko‘rgani ham bormadi. Er-xotinning orasida nimalar bo‘lmaydi, falokat-da buyam, yarashib ketar, o‘rtada jujuqlari bor, neki qilgan bo‘lsa – O‘zining sho‘riga, qo‘yinglar shuni, deb bir og‘iz arz qilib borganida-ku, har qalay, el-yurt ichida obro‘si bor, bu yog‘i mahalliychilik, hammayam odam – chiqarib kelardi o‘g‘lini. Yo‘q. Bir so‘zli-da, printsipial. Ana, o‘g‘il chiqib ham keldi, xotini bilan yarashdi. Bippa-binoyi. G‘ilay bo‘lsayam – ko‘z ochib ko‘rgani, boz ustiga o‘zginasining qilmishi. Orada, sadqai sar bo‘lib, bobo o‘lib ketdi. Aytishlaricha, qaynona-kelinning g‘idi-bidisi ham ko‘paygan. U tomon: “O‘l sen g‘ilay, ulginamni qamatib keng yaylov qilib o‘tiribsan”, degan, bu tomon: “O‘zi-dan bo‘ldi-da, ko‘zim shahlo edi”, degan, u tomon battar g‘azablagan: “Ulimning joyida bo‘lganimda, sen mochaxarni urib bu ko‘zginangniyam chiqarardim!” Shu-da, eski savdo.

      – Qiyomat odam edi, – dedim Salim Qarorni eslab.

      – Qiyomat ham gapmi! – dedilar otam xayolchan, mashinani ortga tisariltirayotib. – “O‘n yettinchi yil-ning yettinchi noyabrida – xuddi inqilob kuni tug‘ilganman, Oktabrga tengdoshman, asli otim ham yo Oktabr, yo Inqilob bo‘lishi kerak edi”, deb yurardi. – Keyin, nash’a qilgandek, gapda davom etdilar otam: – Tavba, sendan o‘n yoshlarcha kichik bo‘laturib, qaysi yilu qaysi oyda tug‘ilganimni men aniq bilmayman-u, sen enangdan so‘rabsanmi?!

      – E’tiqod-da, ota, dogmatik e’tiqod.

      – Ha, sen aytgan e’tiqodning kuchini shu odamda ko‘rdim. Bosma harfga chippa-chin ishonardi. Bir varaq qog‘ozga bosma qilib “Ukang hukumatning siyosatiga qarshi”, deb yozib bersang, jonajon inisiga xoda ko‘tarib chopishdan ham toymas edi. Shundanmikan, bu o‘ramda minmagan mansabi qolmadi. Rayqo‘mu ijroqo‘mda ishladi, avval kolxozga, keyin Sho‘roga rais bo‘ldi, hosilotlik qildi, milisadayam yurdi-yov. E, qolmadi. Oxiri mana shu – muxbirlik. Lekin, qulluqxonadagi gapni aytish kerak: shuncha amallarda yurib, na davlatning, na mardumning biron xasiga xiyonat qilgan. Bo‘lmasa, qanday og‘ir yillar edi u! Urushdan keyingi qahatchilik zamonida o‘z amakisi “Bola-chaqam ochdan o‘ldi”, deb yig‘lab borganida omborxonaning eshigini tambalab, “Bug‘doy yo‘q, davlatniki bu!” deb quruq qaytargan, deydilar. Ana shunday berilgan odam edi. Zamonasozlikni bilmagan sira. Talay yillar o‘g‘lini xatna qildirmay yurdi. Rostmi-yolg‘onmi, enasini janozasiz ko‘mdirgan, degan gap ham bor. Aniq aytolmayman – men Toshkandda, o‘kishda edim. Ishonch-e’tiqodning mahkamligini qara! O‘zi, bor-yo‘g‘i chalasavodlik kursini bitirgan. Lekin “Kapital” deysanmi, zamonaning siyosati deysanmi, ko‘zini yumib aytib tashlardi. Dammasi mustaqil mutolaayu ishtiyoqning zo‘ridan! “O‘n to‘rt yoshimdan marksistman”, der edi, ukkag‘ar. O‘ldi.

      – Marksistlar ham o‘lar ekan, – deb qo‘ydim shunchaki, gapning maromiga qarab.

      – Hammayam o‘ladi. Lekin, senlarning tiling bilan aytganda – “ularning porloq xotirasi dillarda abadiy qoladi”, shundaymi?

      Beozor kinoya aralash bu gapga indamay qo‘yaqoldim.

      Tuman markazidan o‘tib bormoqda edik. Ko‘cha gavjum. Qovuntarvuz qo‘ltiqlagan, xalta-xulta ortmoqlaganlar qaytyapti. Yakshanba, bozor-o‘char.

      Ko‘zim shularda-yu, xayol parishon. Xotiralar qatidan bir qiyofa chiqib keladi. Sarupo moshrang libosda. Boshda stalincha shapka, sercho‘ntak stalincha kamzul, baqaloq galife shim, dag‘al matodan etik. Kishin-yozin. Bir yonda kattakon СКАЧАТЬ