Dadam o‘rtoqlari bilan tog‘ bag‘ridagi qaysidir bir qishloqqa dam olish uchun ikki kunlik sayohatga chiqmoqchi bo‘ldi. O‘zi bilan birga meniyam olib ketishga qaror qildi. Rosa xursand bo‘ldim. Chunki men tog‘ni yaqindan hech ko‘rmagandim-da. Azonda ko‘rpa-to‘shagimizni olib, yuk mashinasida yo‘lga chiqdik. Mashina yukxonasining bir chetidagi qoplarda sabzi-piyoz, har xil yeguliklar, yana bir chetida oyoqqo‘li mahkam bog‘langan qo‘chqor ham bor. Aylantirib ko‘rpachalar solingan. Hamma chordana qurib o‘tirar, safarga chiqayotganlaridan benihoya shod edilar.
– Biror ma’qul joy topilmasa, mashinada ham tunab qolaveramiz, – dedi Xo‘r-roz! – deb boshimni silagan sap-sariq odam.
– To‘g‘ri! Bir kun ming kun bo‘larmidi, – dedi yana kimdir.
– Sobitning uyiga tushamiz, – cho‘rt kesdi Komil aka degan semiz kishi.
– Men unga xabar berib qo‘yganman. Eshitsa xafa bo‘ladi.
Komil aka do‘sti Sobitni to‘lib-toshib maqtadi. U bilan bog‘liq qiziq voqealarni aytib hammamizni kuldirdi. Sobit akani ko‘rgani qiziqib qoldim. Mashina uzoq yurdi. Haydovchi ikki-uch joyda to‘xtab, radiatorga suv ham quyib oldi.
Ilonizi, o‘nqir-cho‘nqir yo‘llardan o‘tib, tushga yaqin tog‘lar bag‘rida joylashgan so‘lim bir qishloqqa kirib keldik.
Yozning chillasi bo‘lishiga qaramay, havo salqin. Toshdan toshga urilib sharqirab oqayotgan soyning muzday suvidan ichib chanqog‘imizni qondirdik. Atrofdagi chiroyli manzarani ko‘rib hang-u mang edim. Ko‘plab katta-kichik bolalarning eshak minib yurishlari yanayam qiziqroq ko‘rindi.
Sobit akaning uyiga joylashdik.
Xonadon ikkiga bo‘lingan: ichkari va tashqari hovlidan iborat edi. Tashqi hovli mehmonlarga mo‘ljallangan bo‘lib, ichkari hovlida mezbonning oilasi istiqomat qilarkan. U tashqi hovli sahnidagi ayvonli, baland so‘riga joy qilib, kelishimizni kutib turgani rost bo‘lib chiqdi. Sobit aka miqtidan kelgan, qorindor, lablari qalin, bug‘doyrang bir kishi ekan.
Yoshiga unchalik ham yarashmagan qalin qoshlari, chakkasidagi so‘galga o‘xshash qop-qora xoli uni hammadan ajratib turardi. Tezda sabzi-piyozlar archilib birinchi ovqatga harakat boshlanib ketdi. Ichkari hovli eshigidan iymanibgina mo‘ralab turgan istrasi issiq bola e’tiborimni tortdi. U qo‘li bilan imlab «bu yoqqa kel» demoqda edi. Dadamga shu atrofda bo‘lishimni aytib, notanish bola tomon yurdim. Qo‘l berib so‘rashdik.
– Oting nima? – dedi bola jilmayib.
– Davron. Seniki-chi?
– Hamal.
Biz tezda til topishib ketdik. Hamal qanchalik quvnoq bo‘lmasin, negadir ko‘zlari atrofga ma’yus boqardi.
– Mening musichalarim bor. Yur, ko‘rsataman.
U meni ichkariga boshladi. Hovlida turfa xil gullar ochilib, atrofga yoqimli ifor taratardi.
– Bu gullarni kim ekkan? – dedim qiziqib.
– Ayam ekadilar. Men ham yordam beraman. Sizlarnikidayam gul bormi?
– Biznikida gul yo‘q.
– Nega?
– Bilmadim, – dedim yelka qisib.
– Xohlasang, ketishingda ko‘chirib beraman. Uylaringga olib borib ekasan.
– Hozir yoz-ku, ko‘karib ketarmikan?
– Tuprog‘i bilan ko‘chirsak ko‘karadi, – dedi u qat’iy.
– Mana bunisi juda chiroyli ekan.
– Mayli, ana shunisidan beraman.
Hovlidan baland tog‘lar ko‘rinib turar, uning tepasida bir gala echkilar o‘tlab yurardi.
– Echkilar tog‘dan yiqilib tushmaydimi? – so‘radim hayratim oshib.
– Yiqilmaydi, o‘rganib ketishgan.
Hamal beparvo kular ekan qo‘limdan ushlab ayvon tomon yetakladi. U tokchaga ishora qilib dedi:
– Ana musichalarim…
Musichaning omonatgina inida bir juft palapon hadiksirab bizga qarab turardi.
– Polaponlaringni ota-onasi bormi?
– Jim bo‘l, dadam.
Hamal qo‘rqib o‘zini panaga oldi. Sobit aka uyidan nimanidir olib tezda chiqib ketdi.
– Hayriyat ko‘rmadi, – dedi Hamal rangi-quti o‘chib.
– Ko‘rsa nima? So‘kadimi? Biz yomon ish qilmadik-ku.
Hamal indamadi.
– Yur, yaxshisi, seni aylantirib kelaman.
Chorvoq eshikdan o‘tib pastqam paxsa devorlar osha ko‘chaga chiqib ketdik.
Echki sutidan qilingan qurtobni so‘rib tog‘ yon bag‘ridagi g‘orni tomosha qildik. Ichkariga kirishga ikkimiz ham qo‘rqdik.
– U yerda ajinalar bor, – dedi Hamal vahima qilib. – Kim kirsa, og‘zi qiyshayib qolarmish.
Ulkan odamlarni eslatadigan xarsangtoshlar, ertaklardagi qo‘rqinchli maxluqlarga o‘xshab ketadigan bahaybat tog‘ jinslari meni o‘ziga rom etdi.
Bu mo‘jizalarni ko‘rib hayratim oshgani sayin Hamal ham quvonar edi.
Ayniqsa, qandaydir o‘t oyoqlarimni ariday chimillatib chaqqanida – Chayono‘tni ko‘rmaganmisan? – deb miriqib kuldi.
Hamal ertaga Zangorko‘lga borishimizni, u yerda menga g‘alati shoxdor baliqni ko‘rsatmoqchi ekanini aytdi. Darrov rozi bo‘ldim. Qorinlarimiz ochqab manzilimizga qaytdik. Bu yerda qo‘ylar so‘yilib, sho‘rvalar pishgan. Maishat avjida edi.
– Qayerlarda yuribsizlar? Qani tezda so‘riga kelib tushlik qilib olinglar-chi, – dedi dadam bizlarga qarab. Boshqalar ham bu gapni ma’qullashdi.
Ovqat quydirib, davraning bir chetiga tortinibroq o‘tirdik.
Sho‘rvadan endigina bir-ikki qoshiq ichgan ham edikki, davraga kichikroq sandiqday keladigan radiopriyomnik ko‘tarib Sobit aka kirib keldi.
U priyomnikni bir chetda turgan xontaxta ustiga qo‘yib, tokka uladi va patnisday keladigan plastinkani joylab ovozini ko‘tardi. Hovlini Ma’murjon Uzoqovning «Jonon bo‘laman» qo‘shig‘i tutib ketdi.
Davrada o‘yin-kulgi boshlandi. Komil aka qo‘shiqqa monand yengil harakatlar bilan o‘yinga tushar, o‘tirganlar «Yasha! Do‘st!» – deyishganicha baravar qarsak chalishar edi.
Kutilmaganda Sobit aka bizning oldimizga shoshib keldi-da, ko‘zlarini olaytirib Hamalga do‘q urdi:
– Sen oqsoqol bu yerda nima qilib o‘tiribsan?! Qani, tezda yo‘qolchi!
Hamal mustar bo‘lib СКАЧАТЬ